logo
. . .


Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi” zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida anglashuv Memorandumi imzolandi. Unda harbiy xizmatchilar, iqtidorli yoshlar, Temurbeklar maktabi o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, qolaversa, bugungi globallashuv davri, yoshlarning ongu va tafakkuri bilan kurashilayotganligi inobatga olinib, mazkur Memorandumda qator vazifalar belgilab qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yosh avlodni harbiy vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, milliy armiyamiz saflarida har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli, Vatan taqdiri, yurt tinchligi va himoyasi yo‘lida bor salohiyati bilan mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida qator ishlar amalga oshirildi.

Ushbu Memorandum doirasida ham Tomonlar munosabatlarning istiqbollarini belgilash, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalarni kelishgan holda amalga oshirish, vakolatlari doirasida manfaatli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida hamkorlik qiladi.

Memorandumni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev imzoladi.

Ushbu hamkorlikning yo‘nalishlari va tadbir tafsilotlari bilan keyingi axborotimizda tanishtiramiz.



Ulashing:

E'lon