logo
. . .


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat masalahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranbayev hamda Markaziy Kengash raisining birinchi o‘rinbosari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining ijrochi direktori B.Bahrombekov Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, viloyat ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda bir qancha tumanlarda bo‘ldilar hamda xorazmlik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.

Yangibozor tumani madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan uchrashuvda 200 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Ular tomonidan tadbirkorlik masalalari bo‘yicha 11 ta takliflar va tashabbuslar bildirildi. Muloqot davomida 2,130 mlrd. so‘mlik biznes g‘oyalar ma’qullanib, yo‘l xaritasiga kiritildi.

Tashabbuskor yoshlardan biri Zafarbek Karimov tomonidan Yangibozor tumani markazida “Yoshlar mehnat guzari” binosini tashkil qilish tashabbusi ko‘tarildi. Shu yerning o‘zida tuman madaniyat va istirohat bog‘i hududidan 0,4 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Shovot tumanida tashkil etilgan uchrashuvda 280 nafar yoshlarning muammolari, takliflari eshitilib, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan 14 nafar yoshning 4 mlrd. so‘mdan ortiq biznes g‘oyalari ma’qullandi va yo‘l xaritasiga kiritildi. Shuningdek, tuman yoshlarining istaklari inobatga olinib, “Oq oltin” mahallasi hududidagi ayollarning bandligini ta’minlash uchun 10 dona tikuvchilik dastgohi homiylar hisobidan olib berildi. “Qozoqqal’a” mahallasida sport maydonchasi uchun Yoshlar ittifoqining tuman Kengashi tomonidan zarur sport anjomlari ajratilishi belgilab olindi. Tadbirkor Jumaboyev Bekturdi tomonidan tuman markazida “Yoshlar mehnat guzari” qurish tashabbusi bildirilib, yer maydoni ajratilishi joyning o‘zida hal qilindi.

Bundan tashqari, Qo‘shko‘pir va Xiva tumanlarida “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat dasturi bo‘yicha shtablar faoliyati ham atroflicha o‘rganildi.



Ulashing:

E'lon