logo
. . .


Germaniyadagi “Davra” nomli o‘zbek-olmon jamiyati tarafidan muntazam ravishda yiliga bir marta “Yevropadagi o‘zbeklarning futbol bayrami” uyushtirilib keladi.

Joriy yilning 12-may kuni Frankfurt Mayn shahrida “Davra” o‘zbek-olmon jamiyati O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt Mayn shahridagi bosh konsulligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Yevropadagi o‘zbeklarning futbol bayrami” tashkil qilindi.

Bayramga butun Germaniyadan va qo‘shni davlatlarda yashaydigan vatandoshlarimiz oilalari bilan tashrif buyurishdi. Unda muntazam tayyorlanib kelgan 12 jamoamiz ikki guruhga bo‘lingan holda bir birlari bilan kuch sinashdilar.

Keskin kurashlar ostida o‘tgan o‘yinlarda yarim finalga “Myunxen” va “Praga Mahalla” hamda “Franfurt” va “MBA Triyesdorf” jamoalari yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Yarim final o‘yinlarida o‘z raqiblaridan ustun kelgan “Myunxen” va “Franfurt” jamoalari final o‘yinida bir biriga qarshi maydonga tushishdi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, bu ikki jamoa oltinchi marotaba finalda bir birlariga qarshi maydonga tushishmoqda. Final o‘yiniga xos shiddat bilan o‘tgan asosiy o‘yin va qo‘shimcha vaqt durrang bilan yakunlandi. 11 metr tepish orqali g‘alabaga erishgan “Myunxen” jamoasi an’anaviy turnirning “Davra” kubogini qo’lga kiritishdi.

Turnirda 2-o’rinni egallagan jamoaga hamda turnirda eng halol o‘ynagan Nodir Saidovga O‘zbekiston umumjahon yoshlari assotsiatsiyasi tarafidan esdalik kuboklari topshirildi. Turnirning eng zo‘r o‘yinchisi nominatsiyasi bo‘yicha “Davra” jamiyati tarafidan beriladigan kubokka Myunxen jamosi sardori Qahramon Pazilov sazovor bo’ldi. “Turnir to‘purari” sifatida Myunxen jamoasidan Abror Shonazarov loyiq topilgan bo‘lsa, “Eng zo‘r darvozabon”deb, Frankfurt jamoasi darvozaboni Oybek Akmalov e’tirof etildi. 

O‘zbeklarning tadbirini milliy taomimiz bo‘lmish palovsiz tasavvur qilish qiyin albatta. O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt Mayn shahridagi bosh konsulligi tarafidan stadionning o‘zida o‘zbekona qozon-o‘choq tashkil qilindi. Saylga aylanib ketgan futbol bayramining so‘ngida vatandoshlarimiz uchun to‘shalgan dasturxonga milliy taomimiz tortiq qilindi.

 

 



Ulashing:

E'lon