logo
. . .


“Animal Keeping” veterinariya va zootexniya professional forumning amaliy tajriba oshirish qismi 13-mart kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan “Farodis xirmoni” fermer xo’jaligida bo’lib o’tdi.

Unda veterinariya sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yurtimiz va Rossiya olimlari, jumladan, veterinariya fanlari nomzodi Vladimir Zubarev, veterinariya bo’yicha bosh mutaxassis Olga Bondar, O’zbekiston yosh fermerlar kengashi mutaxassislari, chorvadorlar hamda yoshlar qatnashishdi.

Amaliy tajriba o’tkazilgan fermer xo’jaligi 2016-yilda tashkil etilgan bo’lib, bu yerga Germaniyadan 160 bosh Golshteyn zotli chorva mollari  keltirilgan. Hozirda ularning soni yana 160 boshga ko’paygan. Xo’jalikda 15 ta ish o’rni yaratilib, ularning barchasida yoshlar faoliyat yuritmoqda.

Firma  rahbari Nodirbek Jabborovning ta’kidlashicha, har bir sigir kuniga o’rtacha hisobda 30-35 ml atrofida sut  beradi. Bu esa bir kunda 4800-5600 ml.cha sutni tashkil etadi. Ular har kuni sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqaruvchi sexlarga topshiriladi. Fermerimiz chorva mollarida hududdagi nam iqlim hisobiga asosan, tuyoq kasalliklari uchrashi va ularni bartaraf etih uchun qo’llaniladigan davo usullari haqida ham alohida to’xtaldi.

Nodirbek Jabborov bundan tashqari dala-yer fermerligiga ham qo’l urib, mazkur hududda 200 gektar yerning 35 gektari paxta , 85 gektari bug’doy yetishtirish va 80 gektarini chorva mollarini boqishga ajratgan. 

Ekspertlar bu yerdagi chorva mollarini tibbiy tekshiruvdan o’tkazib, kasallik tashxisi, davolashning zamonaviy metodlarini yosh veterinarlarga o’rgatishdi. Tibbiy tekshiruv natijasida 8 ta chorva mollarida ginekologik kasalliklar borligi aniqlandi. Fermer xo’jaligi veterinarlariga kerakli davo-muolajasi amaliy tarzda ko’rsatib, tushuntirildi.

 

Forum so’nggida ishtirokchilardan yosh veterinar Akromjon Sobirov amaliy tajriba oshirish maydonidagi fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashdi:

– Forumning bugungi amaliy qismida sohadagi mavjud muammolar yuzasidan ekspertlarning taklif-tavsiyalariga quloq tutdik. Shuningdek, tibbiy ko’rik mobaynida fermer xo’jaligidagi chorva mollariga  ultratovush tekshiruvini qo’llash orqali ulardagi mavjud ginekologik kasalliklar tashxisi qo’yildi. Ekspertlarning tibbiy xulosasiga ko’ra, chorva mollarida tuxumdon kistosi, folekulyar kista va endemetrid kabi ichki yuqumsiz va onkologik kasalliklar mavjud deb, topildi. Shu bilan birga, Rossiyadan kelgan “NITA-FARM” kompaniyasining yetuk  mutaxassislari bilan hamkorlikda bu kasalliklarni davolashga oid ko’rsatmalar berildi. Yuqoridagi ko’rsatmalar asosida 10 kunlik davo muolajalari qilinib, keyingi tekshiruvlarda chorva mollarining bu kasallikdan forig’ bo’lgan-bo’lmaganligini bilib olamiz.

 

Shaxnoza Nurullayeva

Fotomuxbir: R.Nazarmatov



Ulashing:

E'lon