logo
. . .


O‘zbekiston bugun katta islohotlar, yangilanishlar pallasida. Buni hamma sohalarda kuzatishimiz mumkin.

Lekin bir narsa ayonki, yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmasin, barchasining tag zamirida yoshlar va yoshlar manfaati turibdi.

Yoshlarning ertangi istiqbolini ko‘zlab, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon ham so‘zimizning isbotidir.

Haqiqatan ham, bugun butun dunyoning katta muammolaridan biri – bu yoshlarni ish bilan bandligi masalasi.

Mazkur Davlat dasturi O‘zbekiston sharoitida ushbu muammoga yechim bo‘la oladi. Chunki unda yoshlar bandligini ta’minlashga xalaqit berayotgan to‘siqlar bartaraf etilgan.

So‘nggi bir yil ichida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Lekin bular yetarli darajada emas. Afsuski, yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish bo‘yicha joylarda maqsadli dasturlar amalga oshirilmayapti hamda zarur infratuzilma yaratilmagan, bu esa yangi ish o‘rinlari yaratishning eng muhim sharti hisoblanadi.

Shuning uchun ham Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish o‘rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida mazkur Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonni qabul qildi.

Bilamizki, yoshlar ko‘kka bo‘y cho‘zib borayotgan niholga o‘xshaydi. Shamol qay tomonga essa, nihol ham shu tomonga egiladi. Ayniqsa, uyushmagan yoshlar bunday “shamollarning” izmiga oson tushadi. Shuning uchun ham, dasturda uyushmagan, band bo‘lmagan yoshlarni o‘z qiziqishlariga ko‘ra, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish alohida qayd etib o‘tilgan.

Bugun yoshlar tashabbuskor, yoshlar tashkilotchi, yoshlar shijoatli.

Ularning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalari bor. Xo‘sh, ushbu loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun tadbirkorlarga kim moddiy ko‘mak beradi?

Dasturda bu savolga ham javob bor.

Endi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etiladi. Uning tuman va shahar filiallarining ochilishi esa yurtimizning eng chekka qishloqlarida yashovchi yoshlarimiz ham tadbirkorlik bilan bemalol shug‘ullana olishini ta’minlaydi.

Avvallari tadbirkor bo‘lish niyatida bo‘lgan yoshlarning qarshisida bir necha to‘siqlar bor edi.

Tadbirkor ish faoliyatini olib borishi uchun unga kim bino beradi?

Biror mahsulot ishlab chiqarishi uchun kim texnika bilan ta’minlaydi?

Uning mahsuloti jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun kim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, yuridik yordam beradi?

Endi bu jumboqlarning ham yechimi bor. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi yoshlarning yo‘lidan bu to‘siqlarni olib tashladi.

Yangi quriladigan “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari tadbirkor bo‘lish uchun bel bog‘lagan yoshlarning haqiqiy suyanchi va tayanchi bo‘ladi.

Savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari quriladi.

Endi yana ko‘plab tengdoshlarimiz tadbirkor bo‘lishi mumkin. Ish bilan band bo‘lmaganlar o‘z ishini topishi mumkin. Bu o‘zbekistonlik yoshlarga yana bir katta imkoniyat. Bizga berilgan bu sharoitlardan foydalanaylik, oilamizning farovonligiga, yurtimizning ravnaqiga hissa qo‘shaylik!!!

Go‘zal Oxunova



Ulashing:

E'lon