logo
. . .


Bugun, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar” press-klubida ”Yosh Vatandoshlar” xalqaro festivalining tantanali yopilish marosimi bo’lib o’tdi.

Unda chet eldan tashrif buyurgan yosh Vatandoshlarimiz, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o’rinbosari, O’zbekiston yoshlari umumjahon assotsatsiyasi raisi, faol yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o’rinbosari – Kamoliddin Beknazarov, O’zbekiston yoshlari umumjahon assotsatsiyasi raisi – Murodulla Alimboyev, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, xalqaro huquq yo’nalishi bo’yicha mutaxassis – Alisher Umriddinov, Germaniyaning "Engineering Dobersek"GmbH kompaniyasida sanoat avtomatikasi bo’yicha muhandis - dasturlovchi – Davron Sherbekov, Tojikiston jurnalistika assotsatsiyasi a’zosi – Ozod Meliboyev hamda Amerikadagi O’zbekiston yoshlar assotsatsiyasi rahbari–Komila Zakirovalar so’zga chiqishdi.

 Ular festivaldan ko’zlangan maqsad, erishilgan natijalar, tuzilgan yangi reja va g’oyalar haqida so’z yuritishdi.

“Yosh Yurtdoshlarimizning festivaldan keyingi iliq fikrlari va ulkan taassurotlari, festival o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishganligiga ishoradir. Vatandoshlarimizning mamlakatimiz bilan bog’liq aloqalarini  qayta o’rnatishga erishganimizdan mamnunmiz”– deydi, Kamoliddin Beknazarov.

Murodulla Alimboyev – O’zbekiston yoshlari umumjahon assotsatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Kelgusidagi rivojlanish istiqbollari” nomli davra suhbatida yosh vatandoshlarimiz bilan hamkorlik rejalari va unda assotsatsiya faoliyatiga doir ko’rgazmaning tashkil etilishi bilan bog’liq fikrlarini bayon etdi. Shuning barobarida, festival orqali chet eldagi faol yurtdoshlarimizning kashf etilgani va ular bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatib, kelgusi rejalar tuzilganligini alohida ta’kidladi.

Alisher Umriddinov festival bilan bog’liq katta taassurotlar, fan-ta’lim sohasida ayrim tadqiqotchilar bilan tuzilgan yangi loyihalar ustida ish boshlagani haqida to’xtaldi. 

Suhbat davomida aytilgan taassurotlardan ma’lumki, festival doirasidagi barcha sayohatlar, bahs-munozaralar, muzokaralar, ayniqsa, xalq sayllari o’zbekona urf-odatlar va an’analarini qumsagan yoshlarga bir olam quvonch ulashgan.

Yoshlar ijod saroyida Yoshlar simfonik orkestrining "Yosh Vatandoshlar" festivalining tantanali yopilish marosimiga bag'ishlangan konsert dasturi barchaga manzur keldi.

Bir so’z bilan aytganda, xorijdagi Yurtdoshlarimizni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan  iqtisodiy islohotlar va o’zgarishlardan keng xabardor qilish, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ongi va qalbida vatanparvarlik tuyg’ularini yanada rivojlantirishga qaratilgan mazkur festival ko’tarinki ruhda tashkil etildi.

Bugun yosh Vatandoshlarimiz porloq kelajakka eltuvchi yo’lning boshida turibdi. Tinimsiz o’qish va o’rganish – mashaqqatli mehnat ila nurli manzilga boshlaydi. Vatan va xalq roziligi yo’lida zahmat chekish har birimiz uchun sharaf! “Yosh Vatandoshlar” xalqaro festivali albatta, o’z mevasini, natijasini berishiga, Vatandoshlarimizning muvaffaqiyatlari uchun ko’prik bo’lishiga ishonamiz. 

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon