logo
. . .


Navoiy viloyatida “Yoshlar haftaligi”ga start berildi. Haftalik hududdagi yoshlar muammolarini o‘rganish, uyushmagan yoshlarni birlashtirish, yoshlar orasida faol tadbirkorlikni, innovatsion g‘oyalarni targ‘ib etish, joylardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, "Kamalak" sardorlari faoliyatiga amaliy ko'mak berish maqsadida tashkil etildi.

Bugun Yoshlar ittifoqi qoshidagi Yoshlarga ijtimoiy psixologik yordam ko‘rsatish markazi tomonidan Navoiy shahridagi 3- sonli akademik litseyida psixologik trening tashkil etildi.

Unda joylardagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari, psixologlari hamda fuqarolar yig‘ini raisining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdi.

Alohida xonalarda o‘tkazilgan seminar-treninglarda turli mavzular bo‘yicha ma’ruzalar tashkil etildi.

Masalan, fuqoralar yig‘ini maslahatchilariga ajrimlarni oldini olish usullari, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga yo‘l qo‘ymaslik, ixcham to‘ylarning foydasini aholiga tushuntirish yo‘llarining metodlari ko'rsatildi.

Boshlang‘ich tashkilot yetakchilariga esa xulqida og‘ishi bor yoshlar bilan ishlash, sababini o‘rganish, turli amaliy usullar bilan yoshlar, ularning ota-onalari bilan ishlash usullari ko'rsatib berildi. Uyushmagan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish borasida tavsiyalar berdi.

Ta’lim muassasalaridagi psixologlarga tushkunlikka tushgan stress holatdagi, jinoyatchilikga moyilligi bor, o‘z joniga qasd qilishga uringan yoshlar bilan qanday muloqotga kirishish kerakligi aytildi. “Yagona mikrafon”, “O‘ng qo‘l qoidasi” metodlari o‘rgatildi.

Psixologik seminar-treninglar Karmana tumani 2-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida ham bo‘lib o‘tmoqda.

— Mahallalardagi eng katta muammo — ajrimlar masalasidir, — deydi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisining diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha maslahatchisi Muborak Ro‘ziyeva. — Mahallamizda 1 ming 400 dan ziyod oila istiqomat qiladi. Yarashtirish komissiyasiga doim ish topiladi. Bugungi seminar-treningda ajrimlar masalasini hal etish, notinch oilalar bilan ishlash borasida kerakli tavsiyalar berildi. Bu tavsiyalar faoliyatimizning samaradorligini oshiradi.

— Endi yoshlar bilan ishlashda yangicha yondashuv, samarali usullardan foydalanamiz — deydi Navoiy shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi yetakchisi Rizayeva Dilnoza. — Faoliyatimda xulqida og‘ishi bor yoshlar va ularning ota-onalari bilan ishlashda turli qiyinchilikga duch kelayotgan edim. Bugungi tavsiyalar bu boradagi ishlarning natijadorligini oshiradi.



Ulashing:

E'lon