logo
. . .


Maqsad — ularning tirishqoqligi tengdoshlarini ham "uyg'otishi" kerak!

Har yili mamlakatimizda 8-mart - "Xalqaro xotin-qizlar kuni" arafasida fan, ta'lim, madaniyat, san'at, sport kabi yo'nalishlarda faol bo'lgan, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shib kelayotgan lobar qizlarni muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash an'ana tusiga kirgan.

Joriy yilda ham boshqalaridan farqli o'laroq, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan ikki nafardan nomzodlar taqdirlanishdi. Ular orasida Buxoro San'at kollejining 2-bosqich o'quvchisi Gulchiroy Baxshullayeva va Jondor tumani 21-umumiy o'rta ta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi Safiya Bozorovalarning borligi Buxoro ahlini juda quvontirdi. Sababi, ikkala qiz ham jamiyat hayotida juda faol bo'lib, ayniqsa, Gulchiroyning tabiat in'om etgan sehrli xushovozi ko'pchilikning qalbidan mustahkam o'rin egallagan.

Bugun viloyat hokimi o'rinbosari, Xotin-qizlar qo'mitasi raisi Shakar Navro'zova, O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Zarif Komilov hamda yana bir qator tashkilot rahbarlari Gulchiroy va Safiya tahsil oladigan ta'lim muassasalari, ularning xonadonlarida bo'lib, oila a'zolari va yaqinlari davrasida tabriknomalar va esdalik sovg'alarini taqdim etishdi.

— Gulchiroy va Safiya kabi qizlarning borligi bizning baxtimizdir, — dedi O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Zarif Komilov. — Ikkala qizni ham juda yaxshi taniyman. Ularning iqtidori, ijodkorligi, faol va tashabbuskorligini viloyat ahli juda qadrlaydi. Bugun ularning mehnatlari Prezidentimiz tomonidan yuksak mukofot bilan e'tirof etilgan ekan, demakki, bu e'tirof ular bilan birgalikda viloyat yoshlariga shu jumladan, yoshlar tashkilotiga ham katta ma'suliyat yuklaydi.

O'zbek yoshlarining yutuqlari bardavom bo'lishi, shubhasiz.



Ulashing:

E'lon