logo
. . .


Aziz yoshlar! Hurmatli ota-onalar!

Bugun dunyoda sodir etilayotgan turli xil terroristik harakatlardan xabaringiz bor. Bularni sodir etganlar ichida yoshlar ham borligi juda ayanchlidir.

Ma’lumki, O‘zbekistonda yoshlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan. Bu imkoniyatlardan foydalangan yoshlar sport, fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.

Afsuski, viloyatimizda bu imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanmay, adashib huquqbuzarlik va jinoyat sodir etayotgan yoshlarimiz ham uchramoqda. Bu biz uchun juda katta isnod, juda katta sharmandalik.

Maktabga, kollejga darsga bormay, ota-ona nazoratisiz internet klublarda, tungi restoranlarda sayoq yurgan yoshlar o‘z kelajagiga bolta urishmoqda. O‘z kelajagi yo‘lini o‘zi to‘sib qo‘ymoqda. Bilmay o‘g‘irlik, tovlamachilik, bosqinchilik va boshqa turdagi og‘ir jinoyatlarga qo‘l urib, guldek umrini xazon qilmoqda.

Aziz yoshlar!

Biz avvalo, o‘z taqdirimizga, qolaversa, tengdoshlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmaylik. Bizning kelajagimiz bugundan boshlanadi.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, aksariyat jinoyatlar bekorchilik sabab sodir etilmoqda. Bo‘sh vaqtimizni bilim olish, kasb-hunar egallash va foydali mehnatga sarflaylik. Bizdan voyaga yetkazgan ota-onamizning, non-tuz berib katta qilayotgan Vatanimizning umidi katta.

Biz, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni ish bilan ta’minlash uchun mas’ulmiz. Bu borada biz yoshlar uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz. Bu imkoniyatlardan unumli foydalaning!

Aziz yoshlar! Samarqandda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda birlashaylik. Tengqurlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmaylik. Ota-onamiz va Vatanimiz ishonchini oqlaylik.

Hurmatli ota-onalar!

Har birimiz farzandimizning tarbiyasi uchun mas’ul ekanimizni unutmaylik. Zero, farzand ota-onaning yuzi, uning or-nomusidir. Farzandingizning kim bo‘lishi, avvalo, sizga bog‘liq. Prezidentimiz aytgan “O‘z bolangni o‘zing asra!” degan so‘zlarni o‘zimizga shior qilib olaylik.



Ulashing:

E'lon