logo
. . .


Bugun biz kimdandir yosh yigitchalarning mushtlashuvi haqida eshitsak, qayerdadir ularning tortishuvlariga guvoh bo‘lib, mazkur holatning faol muhokamachisiga aylanib qolyapmiz. Xo‘sh, bunday huquqbuzarliklarni kimlar keltirib chiqarishi mumkin? Ko‘pincha bekorchi, ota-ona nazoratisiz qolgan yoki oilaviy muhiti yaxshi bo‘lmagan bolalar bezorilik, o‘g‘rilik, guruh bo‘lib mushtlashish kabi jinoyatlarni sodir etadi. Bunga ayrimlar jamoatchilik nazoratining sustligi, ta’limning sifatsizligi va adashib qolgan kadrlarning e’tiborsizligi hamda mas’uliyatsizligini sabab qilib ko‘rsatsa, ba’zilar bolaga ta’lim-tarbiya berayotgan va ularning ta’minoti bilan shug‘ullanayotgan ota-onaning javobgarlik masalasini o‘rtaga tashlaydi.

Shuningdek, aksar kinolar va kliplar yoshlar o’rtasida zo‘ravonlikni shu ruhdagi “individualizm”, ya’ni yakka hukmronlikni, xudbinlik, manmanlik va janjalkashlikni targ‘ib qilayotganligini alohida ta’kidlovchilarni ham uchratdik. Haqiqatan, bu insonni insoniylikdan chiqarib, vaxshiylikka undaydi. Urush-janjal, mushtlashuvlar tasvirlangan sahnalarni ko‘rgan murg‘ak qalblarda o‘zini bo‘rilardek his qilish, insonga o‘ljadek tashlanish, o‘zini boshqara olmaslik, g‘azab va kuchli nafrat bilan hech narsadan tap tortmaslik boshlanadi. Bu harakatlar atrofdagilarning diqqat e’tiborini o‘ziga jalb etish uchungina bajariladi. 


Shu o‘rinda, ayni dam bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga to‘liq qamrab olinishi oqilona qaror ekanini aytish o‘rinlidir. Yoshlarning bir-biriga moslashuvi va o‘zaro hurmat ruhida shakllanishini aynan shu davrdan boshlash va rivojlantirib borish zamonning o‘ta muhim vazifasi bo‘lib qolgan. Zero, Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda “Tarbiyani tug‘ilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, fikrimizni nurlantirmoq, axloqimizni go‘zallantirmoq, zehnimizni ravshanlantirmoq lozim”. 


Kelajakni kafolatlashni istagan ota-onalar unga-bunga sarflaydigan harakat va vaqtlarini farzandlarini ulg‘aytirish uchun ajratsa, yomon bo‘lmasdi. Boshqa ishlar uchun sarflangan harakatlar zoye ketishi mumkin, biroq farzand kamoli uchun qilingan harakatlar eng xolis amallardandir. Dunyoda har bir inson hech bir manfaatsiz va g‘arazsiz o‘zidan-da yaxshi bo‘lishini istaydigan yagona borliq – farzand ekanligini ayrim insonlar ko‘p bor eshitganu, hali-hanuz uning mag‘zini chaqib, butun vujudi bilan anglab yetmagan ko‘rinadi. Bolasining qalbi va ruhini unutgan ota-onani johil kimsalarga, bunday xatolar qurboni bo‘lgan farzandni esa baxtsiz va omadsiz insonga qiyoslash mumkin.

Hozirda yoshlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan barcha ko‘ngilsizliklar aslida yoshlarimizning o‘zaro do‘stona munosabati, mehr-oqibati mo‘rt va nimjonligidan emasmikan? Ko‘cha-ko‘yda yoxud jamoat transportlarida bir zumgina ularning suhbatiga, o‘zini tutishiga e’tibor qaratganmisiz? O‘zlarini bir-biridan ustun qo‘yish, o‘zaro ishonchsizlik va maqtanchoqlik, bo’lar-bo’lmasga so‘kinishlarni tildan qo‘ymaslik kabi og‘riqli nuqtalarni his qilasiz. Bunga savodsizlik omili, badiiy saviya pastligi, milliy tarbiya asoslari rivojlanishining to‘xtab qolganligi sabab bo‘layotgandir, balki. 


Bugungi kunda respublikamizda yoshlar siyosati eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Shuningdek, yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, vatanparvar etib tarbiyalash, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish dolzarb masalaga aylangan .
Ayni paytda ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi yoshlar soni 4 ming 279 nafarni tashkil etmoqda, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 21 %ga (2016 yilda 5 ming 400 nafar) kamaygan.


2017 yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar orasida 430 ta, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida 884 ta, jami 1 ming 314 marotaba o‘z joniga qasd qilish holatlari, 380 marotaba yoshlar orasida qotillik sodir etilgan.
Shuningdek, joriy yilning 9 oyi holatiga ko‘ra respublika bo‘yicha 1 ming 46 nafar voyaga yetmagan yosh tomonidan 869 ta jinoyatlar sodir etilgan.
Mazkur raqamlar yildan yilga kamayib borayotganiga qaramasdan, joylardagi profilaktika, targ‘ibot-tashviqot ishlarining tartibli va qoniqarli yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning 1-noyabridan voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklar to‘g‘risida kunlik ma’lumot almashinish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur ma’lumotlar asosida yoshlar bilan maqsadli ishlar olib borilmoqda.


Jumladan, ma’lumotlarga ko‘ra noyabr oyining 14 kuni davomida o‘z joniga qasd qilish 35 marotaba (1 nafari o‘lmay qolgan), bezorilik 2 marotaba, o‘g‘rilik 29 marotaba, qasddan odam o‘ldirish 10 marotaba, tanaga qasddan tan jarohati yetkazish 14 marotaba, talonchilik 8 marotaba, bolani tashlab qochish 3 marotaba, nomusga tegish 3 marotaba, firibgarlik 1 marotaba, giyohvandlik 1 marotaba, qurol saqlash bilan bog‘liq 2 marotaba, yo‘l transporti hodisalari 2 marotaba sodir etilgan bo‘lib, shu kungacha 4 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.


Sodir etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning eng ko‘pi Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Namangan, Navoiy va Buxoro viloyatlarining hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida yoshlar o‘rtasida suiqasd holatlari ko‘p uchramoqda.
Mazkur ma’lumotlar Yoshlar ittifoqining hududiy tuzilmalariga tezkorlik bilan yetkazilib, jinoyat sodir etilgan joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha, o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘p uchrayotgan hududlarda tinchlik, shukronalik va hayotning qadriga yetishga undovchi, o‘g‘rilik, bezorilik va talonchilik, nomusga tegish ko‘paygan joylarda huquqiy ongni kuchaytirish, imon va insof va bandlikka yo‘naltirishga doir maqsadli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. 
Bunga misol tariqasida joriy yil 22-noyabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Yoshlar press-klubining “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi – tinch va farovon jamiyat negizidir” mavzusida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasini keltirishimiz mumkin.


Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i – Rustam Eshimbetov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i – Jamshid Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov xay’ati katta konsultanti – Miro‘smon Giyasov, Xalq ta’limi vazirligi ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi boshlig‘i – Akbar Tagayev hamda O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi psixologi – Zamira Azimovalar o‘zaro qizg‘in, ochiq va shaffof muloqot uyushtirdi. Jarayonda qatnashgan o‘quvchi yoshlar mavzu yuzasidan o‘z fikr mulohazalari, savollar va taklif-istaklari bilan faol qatnashdi. 


Davra suhbati avvalida, jinoyatni keltirib chiqaruvchi omillar sanab o‘tildi. Yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan adashishlariga birinchi galda oiladagi muhit, yon-atrofdagilarning unga bo‘lgan munosabati, hatto ta’lim muassasalarida zimmasiga ziyo tarqatish yuklangan o‘qituvchilarning qo‘pol muomalasi sabab bo‘lishi ta’kidlandi.



Yuqoridagi holatlar shuni anglatadiki, yurtimizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan saqlash borasidagi keng ko‘lamli ishlar samaradorligini oshirish lozim.
2017-yilning 5-noyabr kuni Yurtboshimiz boshchiligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik mavzusi batafsil muhokama qilinib, Yoshlar ittifoqi tashkiloti zimmasiga qator vazifalar yuklatilgan.


Yil davomida Yoshlar ittifoqi tomonidan yosh avlod o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan bir qator loyihalar amalga oshirildi. “Biz yoshlar jinoyatchilikka qarshimiz”, “Huquqbuzarlik — illat”, “Jinoyat va jazo”, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlikning salbiy oqibatlari” kabi qator mavzulardagi tadbirlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari Ittifoqning hududiy kengashlari tomonidan mahallalarda profilaktik nazorat, tartib-intizom xavfsizlik borasidagi ishlarda natija hosil qilish maqsadida 30 yoshgacha bo‘lgan yigitlardan tashkil topgan “Posbon” guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


Shu o‘rinda Yoshlar ittifoqining barcha faollari jamoatchilikning ilg‘or va sadoqatli insonlari ko‘magida bolalarimizni maktabgacha ta’lim tizimi bilan qamrab olish, Navoiydek ma’rifatparvar ustozlar ta’lim-tarbiyasi ruhini yaratish, ularning nufuzini oshirish uchun tashabbuskor ota-onalar sonini ko‘paytirishda jonbozlik ko‘rsatishimiz darkor. Bugunning yoshlarini eshitishning yangicha va samarali yo‘llarini topib, ularni qalban yolg‘iz qoldirmaslik uchun barcha choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq sanaladi. Oila va ta’lim mehrini o‘z sa’y-harakatlarimiz orqali yonma-yon yurishiga erishsak, yoshlarimizga baxtli va farovon hayotni yaratib bergan bo‘lamiz. Har bir bola uchun sog‘lom oila, manfaatli ta’lim va ishonchli kelajak muhitini yaratish orqali maqsadlarimiz ro’yobga yuz tutadi.

Shaxnoza Nurullayeva,
Yoshlar media markazi



Ulashing:

E'lon