logo
. . .


Bugun  O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Yoshlar yetakchisi Buyuk Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi vakillarini qabul qildi. Xalqaro hamkorlik uchrashuvida Buyuk Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari – Mark Krossi, rahbar o’rinbosari – Jamila Gulyamova, imtixonlar bo’limi menedjeri – Gulnoz Najmiddinova, biznesni rivojlantirish bo’limi menedjeri –Emine Sheyxametova, O’zbekiston yoshlar ittifoqi raisi – Qahramon Quronboyev, O’zbekiston yoshlar ittifoqi raisi o’rinbosarlari  – Kamoliddin Beknazarov va Dilnoza Kattaxanova, Xalqaro aloqalar va turizmni rivojlantirish  bo’lim mudiri – Ekaterina Gorbunovalar ishtirok etdi. 

Dastlab, muloqotda  Davlat maslahatchisi O’zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil topishi, faoliyati davomida yoshlar masalalarida olib borilgan islohotlari, yoshlarni qo’llab-quvvatlashga doir imtiyoz va imkoniyatlar to’g’risida ma’lumot berdi.  Unga ko’ra, bugungi kunda Yoshlar tashkiloti 12 mln yoshlarni o’z atrofida birlashtirdi.   Ittifoq qoshida 33 ta quyi tashkilotlar tashkil etildi. Shuningdek, 1 yil davomida 33 mingga yaqin uyushmagan yoshlarning bandligi ta’minlandi. 1276 nafar yosh tadbirkorlarga imtiyozli kredit olishda ko’maklashildi. Buning natijasida 1076 ta bo’sh ish o’rinlari yaratildi.

So’ngra, Buyuk Britaniya vakili Mark Krossi ushbu tashrifdan mamnuniyatini va Yoshlar tashkilotining ilk Qurultoyi oldidan o’z tilaklarini izhor qildi. Hamkorlik uchrashuvida yoshlarni birlashtirish, bandlik, talabalar o’rtasida aloqalar, yoshlarni qo’llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi. Xalqaro aloqalarni rivojlantirish, millatlar hamdo’stligini yo’lga qo’yish, yoshlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida rahbarlar tomonidan o’qitish tizimidagi hamkorlik, “British council” bilan memorandum imzolash, yoshlar uchun yozgi media oromgoh tashkil etish kabi takliflar kiritildi.

Buyuk Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mark Krossi xalqaro hamkorlik uchrashuvining istiqboli to’g’risida o’z fikrlarini bildirdi :

– Buyuk Britaniyada yoshlarni qo`llab-quvvatlash uchun olib borilgan loyihalar doirasida  O`zbekistonning talabalari bilan ekologik ta`limning targ’ibotini olib bordik va sohani rivojlantirdik. Bizning O`zbekiston bilan bog’liq faoliyatimizga 22 yil bo’ldi.  Keyingi paytlarda dasturlarimiz yangiliklar bilan boyidi. Shu bilan birga, undagi loyihalar ko’paygan.  Bugungi tashrifimizdan O`zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlik olib borish maqsad qilindi.

Buyuk Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining aytishicha, yoshlar masalalarida O`zbekistondek rivojlangan mamlakat bilan hamkorlik qilish Buyuk Britaniya uchun ham  juda muhim. Bu mamlakatning  maftunkorligi vakilning quvonchiga quvonch qo’shib, ko’zlarini quvnatdi. “Mazkur uchrashuv kelgusidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlab,  yoshlarimizni  birlashtirib,  hamfikrlikda ko`plab samarali loyihalarni amalga oshirishimizga ko’mak beradi. O’zaro muhokamalarimiz davomida  xalqaro dasturlarni tashkil etish,  O`zbekistondagi yoshlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida ingliz tilini o`rgatuvchi programmalarni joriy qilish  va ta`tilda ta`lim loyihalarini yuritish g’oyalari tug’ildi. Keyingi uchrashuvlarimizda  ushbu g’oyalarimizning amaliy natijasini muhokama qilamiz degan umiddaman”, – deydi Mark Krossi.

Shaxnoza Nurullayeva

 



Ulashing:

E'lon