Fayzullayev Mirkomil Zafarovich 1995-yil 18-iyul Samarqand viloyati Payariq tumanida tug’ilgan. Oilada 5 nafar, ota-onasi, o’zi va ikki nafar ukasi bor. Mirkomil 2011-yil 74-umumta’lim maktabini tamomlab, Toshkent shahar Aloqa kollejiga o’qishga qabul qilinadi. Yoshligidan aniq fanlarga qiziqishi yuqori bo’lgan bu zukko o’quvchinining zehnini ustozlari hatto kompyuterga qiyoslashgan.
Matematik amallarni tengqurlariga qaraganda tez va aniq bajarishga usta qahramonimiz orzulariga erishish uchun tamoman boshqa kasb – huquqshunoslikni tanlaydi. 2014-yil kollejni bitirib,Toshkent davlat yuridik universitetiga ijtimoiy-gumanitar fanlardan imtihon topshiradi. Test natijalariga ko’ra, 162 ball to’playdi ammo talabalikka tavsiya etilmaydi. Shu o’rindagi, “Kechagi mag’lubiyatim ertangi muvaffaqiyatlarim eshigini ochishimga qo’shimcha kuch bag’ishlagan. Chekinishga emas, aksincha darhol oyoqqa turib, intilishga odatlanganman” – degan, ta’kidlaridan undagi temuriylarga xos jasorat va fazilatlar sezilib turardi. Bu so’zlardan ta’sirlanib, “Mana bizning buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlarimiz, ularning shijoatini, mustahkam irodasini, kuch-qudratini ko’rib qo’ying”, deya baralla aytging keladi. Suhbatimiz borgan sari qizg’in tus olib borar ekan, o’z muvafaqqiyat hikoyasini vatani oldidagi oliy burchini ado etishga chog’lanishi bilan davom ettirdi.
2015-yil fevral oyida 1 yillik harbiy xizmatni o’tashga jo’nab ketib, u yerda ona yurt, oila va umrning qadr-qimmatini chuqur anglab, hayotiy saboqlar olib qaytganiga alohida to’xtalib o’tdi. Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda xizmat muddatini a’lo darajada o’tab, 27 foizli harbiy imtiyoz bilan uyga qaytgan qahramonimizning fe’l-atvoridagi ijobiy o’zgarishlar, oilaga bo’lgan g’amxo’rlik va mas’uliyatning oshganligi ota-onasiga yaqqol bilinardi.
Ilmga chanqoq o’g’lining harakatlariga yarasha javob qaytarish tariqasida unga tumandagi o’quv markazlaridan birida tayyorlov kurslarida bir yarim yil davomida ijtimoiy-gumanitar fanlar bo’yicha bilim olishga qulay shart-sharoit yaratib berishadi. Mirkomiljon ota-ona ishonchini oqlash maqsadida yurtimizdagi nufuzli oliygohlardan biriga, ya’ni Toshkent davlat yuridik universitetiga o’qishga hujjat topshiradi. Test natijalari e’lon qilingan kun esa bu xonadonda qo’shaloq bayram shukuhi ko’tariladi. Sababi, bu yil Mirkomilning ukasi ham Samarqand davlat universitetiga o’qishga topshirgandi.
Ikki o’g’ilning talaba bo’lgani ota-onani nihoyatda sevintirdi. Talabalik baxtidan masrur Mirkomiljon shartnoma asosida 228.7 ball bilan o’qishga qabul qilinadi. Farzandlar quvonchiga sherik bo’lgan ota-ona masalaning ikkinchi tarafini o’ylab, bosh qotirishadi. Ikki farzandning ham kontraktini to’lash muntazam ish joyiga ega bo’lmagan ota-ona uchun qiyinchilik tug’dirishi tayin edi. Bolalaridan birining mehnatini kuydirib, o’qishini tashlab ketishini aytish esa juda og’ir.
Oxir-oqibat “Izlagan imkon topadi” naqliga tayanib, muammoga yechim topgan ota sentabr oyida Respublika yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisiga ijtimoiy ko’makka muhtoj, kam ta’minlangan oila nomidan to’ng’ich o’g’lining kontraktini to’lashga moddiy ko’mak olish mazmunidagi xat yuboradi. Mazkur murojaat yerda qolmadi. 31-oktabrda Yoshlar ittifoqi tomonidan bir yillik to’liq kontarkt puli ya’ni 9 mln 850 ming so’m to’langanligi haqidagi xabardan keyin xonadonda chinakam baxtiyorlik hamda bayram shukuhi hukm surdi.
Yoshlar ittifoqining ko’magidan behad xushnud bo’lgan Mirkomil o’z taassurotlari bilan bo’lishar ekan, sevinchini ichiga sig’dirolmasdi. Tashkilotning bergan yordamiga javoban, butun diqqatini chuqur bilim olish, fanlarni yaxshi o’zlashtirish hamda chet tillarini o’rganishga qaratishga alohida to’xtaldi.
Shuningdek, kelajakda adolatparvar huquqshunos bo’lib yetishib, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishda, vatanimiz tinchligi yo’lida safarbar bo’lishni diliga maqsad qildi. Kichik ko’magimiz qahramonimiz hayotiga ezgulik urug’larini sepganini quvonib so’zlash barobarida mehr-u saxovat va g’amxo’rlik uchun Yurtboshimizga, O’zbekiston yoshlar ittifoqiga katta minnatdorchilik bildirdi.
Shaxnoza Nurullayeva