logo
. . .

Milliy internet tanlovi

Sog'lom axborot muhiti sari

 

Milliy internet tanlovini o’tkazish tartibi to’g’risida

NIZOM

 



1. Tanlovning asosiy maqsadi – yoshlar uchun mo’ljallangan ijobiy mazmundagi
eng yaxshi internet resurslarni yaratish, ko’paytirish, mavjudlarini aniqlash va
rag’batlantirish, veb-resurslarni yaratuvchilar diqqat e’tiborini internet texnologiyalarida
n mas’uliyatli, axborot madaniyati talablari doirasida hamda xavfsiz foydalanish
muammosini hal etish, internetning yoshlar uchun mo’ljallangan segmentini kengaytirish
va rivojlantirishdan iborat.

2. Tanlovning rasmiy nomi, internet tarmog’idagi sahifalari, ramzi va
atributikasidan foydalanishga oid barcha huquqlar yoshlar ittifoqiga tegishlidir.

3. Tanlovning rasmiy sayti: www.mit.uz.

4. Tanlovda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida
faoliyat yurituvchi veb-sayt yaratuvchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) ishtirok etadi.

5. Tanlovni tashkil etish va o’tkazish mas’ul tashkilotchilarning vakillaridan tarkib
topgan tashkiliy qo’mita zimmasiga yuklatiladi. Tashkiliy qo’mita tanlovning ekspert
guruhi va hakamlar hay’ati tarkibini shakllantiradi.
Hakamlar tarkibiga vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, shuningdek,
madaniyat va san’at sohasi vakillari kiritilishi mumkin.

6. Tanlov uch bosqich (tanlov ishtirokchilarini ro’yxatga olish, g’olib va
sovrindorlarni saralash hamda taqdirlash)da o’tkaziladi.

7. Ikkinchi bosqich – g’olib va sovrindorlarni saralash – 2017 yilning 23 dekabrdan
25 dekabrigacha o’tkaziladi.

8. Uchinchi bosqich – g’olib va sovrindorlarni taqdirlash – 2017 yil dekabr oyining
uchinchi o’n kunligida o’tkaziladi. Tanlov g’olib va sovrindorlarini taqdirlash
marosimining kuni va joyi tashkiliy qo’mita qaroriga asosan belgilanadi va www.mit.uz
saytida e’lon qilinadi.

9. Ishtirokchilar anketalari 2017 yilning 23 dekabriga qadar www.mit.uz
saytida onlayn tarzda qabul qilinadi.

10. Tanlovga faoliyat ko’rsatayotgan yoki 2017 yil 1 dekabrgacha internet
tarmog’iga joylashtirilishi rejalashtirilgan saytlar taqdim etilishi mumkin. Bitta ishtirokchi
tomonidan tanlovga taqdim etilishi mumkin bo’lgan saytlar miqdori cheklanmagan.
Tanlovga ishtirok etadigan jismoniy shaxslar 14 yoshdan 30 yoshgacha bo’lishi shart.

11. Tanlovga saytni faqat unga bevosita daxldor bo’lgan jismoniy yoki yuridik
shaxs – domenning (qonuniy) egasi taqdim etishi mumkin. Tanlovga taqdim etilgan arizani
qaytarib olishga faqat sayt (domen)ning egasi haqli.

12. Tanlovga taqdim etilgan bitta sayt faqat bitta nominatsiyada ishtirok etishi
mumkin.

13. Tanlovda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar o’z arizasiga pasport (yoki shaxsni
tasdiqlovchi boshqa hujjat) nusxasini taqdim qilishi lozim:

14. Tanlovda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar o’z arizasiga quyidagi qo’shimcha
hujjatlarni taqdim qilishi lozim:
– ishtirokchining pasport (yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) nusxasi;
– tegishli tashkilotning roziligi (haqiqatdan ham ishtirokchi tomonidan saytning
ishlab chiqilganligi) to’g’risidagi tavsiyanoma;
– tanlovga taqdim etgan saytning domeniga tashkilotning (qonuniy) egaligi
to’g’risidagi vakolatli tashkilotning ma’lumotnomasi.

15. Tanlovda tashkilotchilar (tashkiliy qo’mita a’zolari) faoliyatiga aloqador
shaxslar va loyihalar hamda internet resurslar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning
alohida olingan sahifalari yoki bo’limlari ishtirok etishlari mumkin emas.

16. Tanlovga taqdim etilgan arizalar Tashkiliy qo’mita tasdiqlagan Ekspert guruhi
tomonidan saralanadi va shu asnoda nomzodlarning ro’yxati shakllantiriladi.
Nomzodlarning yakuniy ro’yxatini Tashkiliy qo’mita tasdiqlaydi.

17. Tashkiliy qo’mita tanlovni o’tkazish jarayonida tanlov sayti, elektron
ma’lumotlar bazasini yaratadi va tanlov ishtirokchilariga kerak bo’ladigan barcha
ma’lumotlarni saytga joylashtiradi.

18. Tanlovda ishtirok etayotgan saytning mazmuni (uning kontenti)ga quyidagi
talablar qo’yiladi:
– tanlov auditoriyasi (yoshlar)ning talab va qiziqishlariga mos kelishi lozim;
– yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga yo’naltirilgan bo’lishi, ularning bilim
darajasini va dunyoqarashini oshirishi kerak;
– internet foydalanuvchisida axborot olish madaniyatini hamda undan xavfsiz
foydalanish ko’nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi kerak;
– saytdagi axborotlarning kamida 80 foizi (kontent, rukn va
sahifalarning hajmiga qarab belgilanadi) yoshlar uchun mo’ljallanishi, ular uchun foydali kontent bilan to’ldirilgan bo’lishi, doimiy ravishda yangi materiallar bilan boyitib borilishi kerak;
– saytning interfaol ruknlari (yangiliklar, voqea-hodisalar) doimiy ravishda (har
kuni kamida bir marotaba) yangilanib turilishi kerak;
– tanlovda ishtirok etayotgan saytga uchinchi shaxslarning huquqlari, shu jumladan,
mualliflik huquqini poymol etuvchi materiallar, milliy qonunchilikka zid bo’lgan
materiallar, ma’naviy va axloqiy me’yorlarga to’g’ri kelmaydigan materiallar, xavfsizlik
talablariga javob bermaydigan, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi hududida
tarqatilishi taqiqlangan mahsulot va xizmatlar reklamasini joylashtirish mumkin emas.

19. Tanlovda ishtirok etayotgan saytning foydalanuvchilar tomonidan mustaqil
tarzda to’ldiriluvchi bo’limlari (forumlar, mikrobloglar, sharhlar), ularda turli tahqirlovchi
so’z va iboralar qo’llanilishining oldini olish maqsadida sayt administratori tomonidan
nazorat qilib borilishi kerak.

20. Tanlovda ishtirok etayotgan sayt vizual bezatishning zamonaviy talablari
(yuqori sifatli grafika, shrift va ranglarning mutanosibligi, sayt mazmuni va auditoriyasiga
mos format va boshqalar)ga javob berishi lozim.

21. Tanlov uning maqsad va vazifalarini o’z ichiga olgan quyidagi nominatsiyalardan iborat:
1. Madaniyat va san’at sohasidagi eng yaxshi sayt;
2. Turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi sayt;
3. Eng yaxshi yangiliklar sayti;
4. Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt;
5. Tibbiyot sohasidagi eng yaxshi sayt;
6. Elektron kitoblar uchun yaratilgan eng yaxshi sayt;
7. Zamonaviy fan va ta’lim sohasidagi eng yaxshi sayt;
8. Elektron tijorat sohasidagi eng yaxshi sayt
9. Ko’p tilda yaratilgan eng yaxshi sayt;
10. Eng yaxshi blog;
11. Eng foydali mobil ilova;
23. Ekspert guruhi va hakamlar hay’ati tanlov ishtirokchilarining ishlarini quyidagi
yo’nalishlarga ajratgan holda saralaydi va baholaydi:
– “UZ” domenida joylashtirilgan veb-resurslar;
– xorijiy domenda joylashtirilgan veb-resurslar.
24. Tanlov ishtirokchisi uning sayti ishtirok etadigan nominatsiyani mustaqil ravishda tanlaydi.
25. Tanlov ishtirokchisi (istalgan domen (“UZ” yoki xorijiy)da joylashtirilgan) o’z saytini bitta nominatsiyaga taqdim etishi mumkin.
26. Tashkiliy qo’mita nominatsiya mavzusi va talablariga to’g’ri kelmaydigan saytni boshqa nominatsiyaga o’tkazishga haqli.

27. Tashkiliy qo’mita faoliyati davomida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
– tanlovni o’tkazish to’g’risida qaror qabul qiladi;
– tanlov to’g’risidagi Nizomni ishlab chiqadi va unga o’zgartishlar kiritadi;
– tanlov boshlanishi to’g’risida belgilangan muddatlarda ommaviy axborot
vositalariga rasmiy e’lon beradi.
– tanlovning o’tkazilish shartlari (tanlovni o’tkazish qoidalari, muddati, baholash
jarayoni, mezonlari va bosqichlari)ni belgilaydi;
– Ekspert guruhi va hakamlar hay’atining tarkibi hamda ularning rahbarlarini
tayinlaydi;
– tasdiqlangan rejaga muvofiq, axborot hamkorlari bilan kelishilgan holda
tanlovnnig axborot kompaniyasi doirasida turli tadbirlarni o’tkazadi;
– tanlovga arizalar qabul qilish jarayonini tashkil etadi, arizalarning mazkur
Nizomda ko’rsatilgan talablar asosida rasmiylashtirilishini nazorat qiladi;
– tanlovni o’tkazish jarayonida Ekspert guruhi va hakamlar hay’atining tarkibini
tasdiqlaydi va ularning ishini muvofiqlashtiradi;
– tanlov g’oliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimini tashkil etadi;
– tanlovning boshqa tashkiliy masalalarini hal etadi.
28. Tashkiliy qo’mita o’z faoliyati davomida quyidagi huquqlarga ega:
– tanlovga taqdim etilgan sayt mazkur Nizomda ko’rsatilgan talablarga javob
bermagan taqdirda nomzodning arizasini qaytarish;
– tanlov ishtirokchisi mazkur Nizomda ko’rsatilgan talablarni buzgan hamda
tanlovning o’tkazilish talab va shartlariga mos kelmagan taqdirda uni tanlovdan
chetlashtirish;
– Ekspert guruhi va (yoki) hakamlar hay’ati tomonidan ularning vakolati doirasida
to’g’rilab bo’lmaydigan texnik xatolar aniqlangan nominatsiyalar bo’yicha tanlov
natijalarini bekor qilish.
29. Tashkiliy qo’mita quyidagi tartibda qaror qabul qiladi:
– Tashkiliy qo’mita tomonidan barcha qarorlar faqat a’zolarning ovoz berish yo’li
bilan hamda hal qilinayotgan masalaning muhimlik darajasiga qarab qabul qilinadi.
– ovoz berish natijalari, unda Tashkiliy qo’mita a’zolarining 2/3 qismidan ko’pi
ishtirok etgan taqdirda, haqiqiy deb qabul qilinadi.
30. Tashkiliy qo’mita tanlov jarayonida quyidagi majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi:
– tanlovning barcha ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni yaratish;
– tanlovning ochiq va oshkora tarzda o’tkazilishini ta’minlash;
– tanlov natijalarini kelishilgan muddatdan avval e’lon qilinishiga yo’l qo’ymaslik.
31. Tanlov ishtirokchisining huquqlari quyidagilardan iborat:
– tanlovni o’tkazish shartlari va tartibi to’g’risida ma’lumot olish;
– tanlovda ishtirok etish uchun belgilangan muddatda ariza berish;
– tashkiliy qo’mitaga arizalar qabul qilish muddati tugashidan kamida 3 kun oldin
murojaat etgan holda o’z arizasini qaytarib olish;
– tanlovga ariza taqdim etgandan taqdirda o’z saytida “Milliy internet tanlovi
ishtirokchisi” degan yozuv va tanlovning logotipini joylashtirish;
– tanlov g’olibi deb e’lon qilinganida sovrin(lar)ni o’zi yoki ishonchli
vakili orqali qabul qilib olish.
32. Tanlov ishtirokchisining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
– arizani topshirishdan oldin tanlov to’g’risidagi mazkur Nizom bilan to’liq
tanishish, Nizomda ko’rsatilgan talablar asosida arizani to’ldirilish;
– mazkur Nizomda ko’rsatilgan qoidalarga qat’iy rioya etish.
33. Tanlov ishtirokchisi taqdim etgan qo’shimcha hujjatlardagi noto’g’ri
ma’lumotlar uchun javobgar hisoblanadi.
34. Tanlov ishtirokchi o’z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda Tashkiliy qo’mita
tomonidan tegishli tartibda tanlovdan chetlashtirilishi mumkin. Ishtirokchining tanlovdan
chetlashtirilgani to’g’risidagi xabar uning elektron pochta manziliga (basharti uning
anketasida elektron manzili ko’rsatilgan bo’lsa) yuboriladi. Tanlov ishtirokchisi o’z
majburiyatlarini to’liq bajarganidan so’ng tanlovga faqat Tashkiliy qo’mitaning ruxsati
bilan ikkinchi marotaba ariza topshirishi mumkin.

35. Saytlar (tanlov ishtirokchilarining ishlari) ekspert guruhi va hakamlar hay’ati
tomonidan quyidagi asosiy mezonlar bo’yicha baholanadi:
– Mazmundorlik va interfaollik. Saytning mazmuni bu – saytda mavjud barcha
axborotlar. Axborot foydalanuvchilar e’tiborini tortishi hamda sayt mavzusiga mos kelishi
lozim. Saytning interfaolligi faqat giperhavolalar va o’z-o’zidan paydo bo’luvchi
menyularning mavjudligi bilan belgilanmaydi, balki sayt foydalanuvchiga o’zaro axborot
almashish uchun dialog muhitini yaratishi kerak.
– Dizayn va qulaylik. Sayt tashqi ko’rinishining tavsifi. Saytning vizual bezatilishi,
yuqori sifatga ega grafika, shriftlar va ranglarning aniq tanlanganligi va mutanosibligi, sayt
formati va mazmunining auditoriya hamda sayt oldiga qo’yilgan vazifalarga mosligiga
qarab baholanadi. Qulaylik deganda saytdan foydalanishdagi imkoniyatlar tushuniladi.
Saytda axborotdan foydalanish hamda bir bo’limdan ikkinchisiga o’tishdagi qulayliklar
uning tarkibiy tuzilmasi va navigatsion funktsiyalariga bog’liq. Saytdan kerakli
axborotlarni tezkor topishda navigatsion imkoniyatlarning kengligi.
– Funktsionallik, texnologik imkoniyatlari va xavfsizligi. Ushbu mezon saytning
texnologik xususiyatlarini ifodalaydi. Yaxshi funktsionallik saytning tez ochilishini,
undagi barcha havolalar ishchi holatda bo’lishini anglatadi. Texnologiyalar esa sayt
auditoriyasining talablariga javob berishi kerak. Saytning sifati imkon qadar serverlik
platformasi, brauzerning turi yoki foydalanuvchi monitoriga bog’liq bo’lmasligi lozim.
Saytda axborot resurslarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida saytdan foydalanishni
cheklash (autentifikatsiya va avtorizatsiya bosqichlari) mavjud bo’lishi kerak.

36. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari ekspert guruhi va hakamlar hay’ati
tomonidan maxsus ishlab chiqilgan baholash varaqalari yordamida baholanadi.

37. Tanlov g’oliblarini aniqlash quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi:
– hakamlar hay’ati a’zolari quyidagi uchta kichik ishchi guruhlarga bo’lingan holda
nomzodlarning ishlarini baholaydi:
– “Mazmundorlik va interfaollik” ishchi guruhi tarkibiga jurnalistlar, reklama va
PR bo’yicha mutaxassislar kiradi.
– “Dizayn va qulaylik” ishchi guruhi tarkibiga rassom, dizayner hamda saytning
qulayligini aniqlash bo’yicha mutaxassislar kiradi.
– “Funktsionallik, texnologik imkoniyat va xavfsizlik” ishchi guruhi tarkibiga
malakali dasturchilar va tarmoq administratorlari kiradi.

38. Ishchi guruhlar a’zolari sayt (nominant)ni faqat o’z yo’nalishi bo’yicha
baholaydi.

39. Saytlar (ishtirokchilarning ijodiy ishlari) hakamlar hay’ati tomonidan 10 ballik
tizimda baholanadi.

40. Ishchi guruhlarning har bir a’zosi har bir nomzodga o’z bahosini qo’yadi. Har
bir sayt (ishtirokchining ijodiy ishi)ga ishchi guruhlar tomonidan qo’yilgan o’rtacha ball
keltirib chiqariladi.
v41. Tanlovning g’oliblari va sovrindorlarini aniqlash tartibi quyidagicha:
– tanlov g’oliblari ekspert guruhi hamda hakamlar hay’ati tomonidan qo’yilgan
baholarga qarab aniqlanadi;
– tanlovning nomzodlarning yakuniy ballari teng bo’lib qolganda, o’z saytida
“Milliy internet tanlovi ishtirokchisi” degan yozuvni joylashtirgan ishtirokchi g’olib deb
topiladi.

42. Tanlovning g’olibi quyidagi holatlarda aniqlanmasligi mumkin:
– tashkiliy qo’mitaning qaroriga muvofiq, muayyan nominatsiya bo’yicha tanlovga
topshirilgan ishlarning hech biri talabga javob bermagan taqdirda (agarda to’plangan jami
ballar miqdori 5 balldan past bo’lsa) g’olib aniqlanmaydi;
– tegishli nominatsiyada ishtirok etuvchilar soni 5 tadan kam bo’lsa tanlov g’olibi
aniqlanmaydi.

43. Tanlov g’oliblarini taqdirlashni tashkil etish maqsadida Tashkiliy qo’mitaning
majlisi o’tkaziladi hamda tanlovning natijalari e’lon qilinadi hamda tanlov g’oliblari va
sovrindorlarining ro’yxati tashkiliy qo’mita tomonidan tasdiqlanadi.

44. Tanlov natijalari rasman e’lon qilingunga qadar hakamlar hay’ati hamda
tashkiliy qo’mita a’zolari bu haqdagi ma’lumotlarni oshkor etishlari mumkin emas.

45. Tanlov natijalari va g’oliblarning ro’yxati tantanali taqdirlash marosimidan
so’ng tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari hisoblangan ommaviy axborot
vositalarida e’lon qilinadi.

46. Tanlovning nominatsiyalar buyicha faqat bitta o’rin g’olibi tanlanadi va
mukofotlar bilan taqdirlanadi:
– Milliy internet tanlovi g’olibi diplomi;
– pul mukofoti;
– tanlov statuetkasi.

47. Tanlovning nominatsiyalari g’oliblari va sovrindorlari Tashkiliy qo’mita qarori
asosida keyingi yili o’tkaziladigan tanlovning ekspert guruhi yoki hakamlar hay’ati
tarkibiga kirish huquqi berilishi mumkin.

48. Nominatsiyalar g’olib va sovrindorlari homiylar tomonidan (Tashkiliy qo’mita
bilan kelishilgan holda) ta’sis etilgan qo’shimcha sovrin bilan taqdirlanishlari mumkin.

49. Tanlov natijalariga ko’ra hakamlar hay’ati istalgan ishtirokchini hay’atning
maxsus sovrini bilan taqdirlash huquqiga ega.
50. Tashkiliy qo’mita tanlov doirasida internet va bevosita tanlovning rivojiga
munosib hissa qo’shgan ishlar yoki shaxslarni taqdirlash huquqiga egadir.

51. Tashkiliy qo’mita tanlov g’oliblari va sovrindorlarini rasmiy veb-sayti hamda
ommaviy axborot vositalari orqali tanitish (PR)ga yordam berishi mumkin.

52. Tanlovni o’tkazish bilan bog’liq barcha xarajatlar mas’ul tashkilotchilarning
mablag’lari hisobidan belgilangan tartibda qoplaniladi.
53. Davlat va nodavlat tashkilotlari tanlovda homiylik qilishlari mumkin.

E'lon