logo
. . .

“O‘zbekiston bo‘ylab” videoroliklar tanlovi

O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish

 

“O‘zbekiston bo‘ylab” videoroliklar tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

 


1. Mazkur Nizom 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “O‘zbekiston
bo‘ylab” videoroliklar tanlovini (bundan keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalar Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan hal etiladi.

5. Tanlovning asosiy maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:

— O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning
turistik salohiyati, joylardagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni targ‘ib qilish;

— mediamahsulotlarning keng tarqalgan turi – videoroliklar yordamida
mamlakatning turizm salohiyati to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish;

— yoshlarda vatanparvarlik, mamlakatdagi bunyodkorlik va yangilanishlarga
nisbatan faxr tuyg‘ularini shakllantirish, yurt tarixiga qiziqish va hurmatni
uyg‘otish, ularni milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylashga o‘rgatish;

— yosh avlodda insonparvarlik hissini, ularda umuminsoniy qadriyatlarga
bo‘lgan hurmat tuyg‘usini tarbiyalash;

— yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, kuzatuvchanlik xususiyati, estetik
did va muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirish;

— ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida namoyish etish hamda xalq
orasida keng ommalashtirish maqsadida turizm mavzusidagi videoroliklar jamlanmasini yaratish;

— videomahsulotlar ishlab chiqaruvchilarning ijodiy salohiyatini yuzaga
chiqarish va rivojlantirish, ularning ijodiy ishlarini ommalashtirish.

6. Tanlov quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:

— Ijodiy ishlarni qabul qilish – 2017 yilning 1 dekabrdan 2018 yilning 1 fevraligacha.

— Ijodiy ishlarni ko‘rib chiqish va baholash – 2018 yilning 20 fevralidan 1 martigacha.

— G‘oliblarni taqdirlash marosimini tashkil etish – 2018 yilning 15 apreligacha.

7. Tanlovda ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va talabalari, ijodiy
birlashmalar, markaz va klublar a’zolari, jurnalistlar, videomahsulotlar
yaratish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin.

8. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ish individual yoki jamoaviy tarzda
bajarilgan bo‘lishi mumkin.

9. Ishtirokchilar (ishtirokchilar jamoasi)ning taqdim etishi mumkin
bo‘lgan ijodiy ishlari miqdori cheklanmagan.

10. Tanlovga quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ijodiy ishlar qabul qilinadi:

— “O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi
videorolik”;

— “O‘zbekistonning ekoturizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi
videorolik”;

— “Milliy qadriyat va urf-odatlarni targ‘ib etishga qaratilgan eng yaxshi
videorolik”;

— “O‘zbekistonning tabiiy hududlari to‘g‘risidagi eng yaxshi
videorolik”.

11. Ijodiy ishlar quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lishi mumkin:

— havaskor videotasvir;

— professional videotasvir.

12. Tanlovga taqdim etiladigan videoroliklar quyidagi mavzu
yo‘nalishlarida bo‘lishi tavsiya etiladi:

— turizm xizmatlarining tashkil etilishi (turistik xizmatlar majmui),
xizmat ko‘rsatish shakl va usullari, yangi bunyod etilgan mehmonxonalarda yaratilgan
qulayliklar (xizmat ko‘rsatish darajasi, toifasi);

— mustaqillik yillarida bunyod etilgan binolar, inshootlar, ko‘chalar,
temiryo‘llar va ularda yaratilgan shart-sharoitlar;

— mamlakatimizdagi tarixiy joylar, qadimiy shaharlar, tarixiy-
me’moriy yodgorliklar, me’moriy majmualar, obidalarni yorituvchi sayyohlik
yo‘nalishlarini ko‘rsatish;

— mamlakatimizda ekoturizm asosini tashkil etuvchi tabiatning mo‘jizali manzaralari,
maskanlari, daryolari, ko‘llari, milliy tabiat bog‘lari va biosfera
rezervatlari, boy hayvonot va nabotot olamining qiziqarli hodisalarini aks
ettirish;

— serquyosh yurtimizning bog‘lari, to‘kin dasturxoni, milliy taomlari,
xalqimizning mehmondo‘stligini ko‘rsata olish;

— milliy an’analar va bayramlar, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy
o‘yinlar, sayillar jarayonini tasvirlash.

12. Tanlov uchun videoroliklar elektron formatda taqdim etiladi va www. www.
yi.uz saytiga joylashtiriladi.

13. Tanlov ishtirokchisi o‘z ijodiy ishiga sharh sifatida ijtimoiy
videorolikning bosh g‘oyasini tushuntiruvchi (probellar bilan hisoblaganda)
300 bosma belgidan oshmaydigan matn yozib yuborishi mumkin.

14. Tanlovga belgilangan mavzu va nominatsiyalarga mos keladigan, istalgan
vositalar yordamida suratga olingan (yaratilgan) videoroliklar taqdim etilishi
mumkin.

15. Videorolikni saytga joylashtirgandan keyin ishtirokchi
info@videotanlov.uz elektron pochta manziliga:
— saytga joylashtirilgan ijodiy ishiga havola;
— tanlov ishtirokchisining anketasi;
— hajmi 300 dp dan kichik bo‘lmagan portretli fotosuratini yuborishi
lozim.

16. Elektron formatda taqdim etilmagan videoroliklar tanlovda ishtirok
etmaydi.

17. Videoroliklar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
— G‘oyaning originalligi va dolzarbligi. Videorolik tanlov talablariga
javob berishi hamda unda aks ettirilgan voqea-hodisaning ahamiyati to‘liq ochib
berilishi kerak;
— Mavzuga mosligi. Videorolik tanlov mavzusiga hamda tanlov oldiga
qo‘yilgan maqsad va vazifalarga mos kelishi kerak;
— G‘oyaning yangiligi va antiqaligi. Videorolik syujeti original bo‘lib,
boshqa videoroliklarning syujet va g‘oyasini takrorlamasligi kerak.
— Ijodiy ish baholanishi jarayonida musiqali fon, videoeffektlardan
foydalanilganligi, tomoshabinda tuyg‘u va tasavvur uyg‘ota olishi, kreativlik,
ishning uslubiy jihatdan o‘ziga xosligi, badiiy va texnik darajasi, efirga
uzatish imkoniyati ham inobatga olinadi.

18. Videoroliklarga qo‘yiladigan talablar:
— videorolik formati – erkin (MPEG, DV, AVI, MOV, DVD, HD, FLV).
— videorolikning minimal hajmi – 14:9 hajmdagi ekran uchun
480x360, 16:9 hajmdagi ekran uchun 480x272.
— videorolikning maksimal davomiyligi – 3 daqiqa.

19. Videorolik tasvirida muallifning bevosita ishtiroki shart emas.

20. Videorolikni suratga olish va montaj jarayonida maxsus dastur va
uskunalardan foydalanish ishtirokchi (ijodiy ish muallifi)ning ixtiyoriga
havola etiladi.

21. Videorolik janri (reportaj, videoklip, animatsion syujet va
boshqalar)ni ishtirokchining o‘zi belgilaydi.

22. Videorolikda mavzuga oid fotosuratlardan foydalanish mumkin.

23. Tanlov ishtirokchisi ijodiy ish(lar)ini istalgan videoxostingda
joylashtirib, ishtirokchi anketasini to‘ldirishlari yoki “O‘zbekiston bo‘ylab”
tanloviga” qaydi bilan o‘z ism-sharifi, yoshi, telefon raqami va manzili haqidagi
ma’lumotlarni tanlovning elektron pochta manziliga yuborishi mumkin.

24. Tanlov ishtirokchisi ijodiy ishini internet orqali yuborish imkoniga
ega bo‘lmasa, istalgan elektron vositalar (disk, fleshka va boshqa) bilan ushbu
manzilga yuborishlari mumkin: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi,
100011, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi 11-uy.

25. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar oldindan ko‘rib chiqilgach,
materiallar www.yi.uz saytiga joylashtiriladi.

26. Ijodiy ishlar tanlov mavzusiga mos kelmasa, badiiy-estetik saviyasi
past bo‘lsa yoki ularni yaratishda texnik talablar buzilgan taqdirda tanlovga
qo‘yilmasligi mumkin.

27. Tanlovga reklama, shahvoniy xarakterdagi, shuningdek, boshqa insonlar
(xalqlar)ning urf-odatlari, an’analarini kamsituvchi, siyosiy va diniy
yo‘nalishdagi ishlar qabul qilinmaydi.

28. Tanlovda ishtirok etayotgan videorolik(lar)da mualliflik huquqlari
buzilganda, buning uchun ishni tanlovga taqdim etgan muallif (mualliflar
jamoasi) javobgar hisoblanadi.

29. Videorolikni tanlovga taqdim etish bilan muallif (mualliflar
jamoasi) tashkilotchilarga mazkur ishdan foydalanish (internet tarmog‘i,
teledasturlarda joylashtirish va boshqa) huquqini topshiradi.

30. Videorolikda boshqa ishtirokchi yoki mualliflarning har qanday ijodiy
ishlari (shu jumladan, video, reklama roliklari, kinematografik asarlari)dan
nusxa olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

31. Tanlov ishtirokchisi taqdim etilgan videorolik(lar)ning muallifi
ekanligini, ularning ijodiy ishida boshqa shaxslarning intellektual mulkka
bo‘lgan huquqini buzilmaganligini kafolatlaydi. Mazkur talab buzilgan
taqdirda, ishtirokchi tashkilotchilarga barcha zarar hamda tashkilotchilarning o‘z
huquqlarini himoya qilishi uchun ketkazgan xarajatlarini qoplash majburiyatini
o‘z zimmasiga oladi.

32. Tanlov ishtirokchisi saytda ro‘yxatdan o‘tib, videoroligini
joylashtirish bilan ushbu ijodiy ishi baholash jarayonida oshkora namoyish
etilishi va muhokama qilinishiga o‘z roziligini bildiradi.

33. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlariga munosabat bildirilmaydi
va qaytarilmaydi.

34. Tashkilotchilar tanlovga taqdim etilgan ishlardan tanlovni yoritish,
to‘plam yaratish va tarqatish maqsadida foydalanishlari mumkin.

35. Videorolikni tanlovga taqdim etish orqali ishtirokchi ushbu Nizomning
barcha bandlariga o‘z roziligini bildiradi.

36. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar tegishli nominatsiya bo‘yicha ikki
(havaskor va professional) yo‘nalishda quyidagi bosqichlarda aniqlanadi:
— Ekspertlar kengashida ochiq ovozga qo‘yish yo‘li bilan saralanadi;
— saralangan ijodiy ishlar internet foydalanuvchilari o‘rtasida 10 kun
muddatda ovozga qo‘yiladi.

37. Tanlovning har bir nominatsiya va yo‘nalish bo‘yicha eng ko‘p ovoz to‘plagan
videoroliklar mualliflari orasidan uchta o‘rin (1-, 2-, 3-o‘rinlar) aniqlanadi.
38. Tanlov natijalari va g‘oliblarning ro‘yxati tantanali taqdirlash
marosimidan so‘ng tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari
hisoblangan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
39. Tanlov g‘oliblari tashkilotchilarning maxsus sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

40. Tanlov tashkilotchilari, hamkorlari va homiylar g‘oliblarni
rag‘batlantirishning boshqa shakl va usullarini belgilashlari mumkin.

41. Tanlov natijalari www.yi.uz saytida e’lon qilinadi.

E'lon