logo
. . .

“Yosh kitobxon” tanlovi

10 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan barcha yoshlar ishtirok etishlari mumkin

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur Nizom yoshlar o‘rtasida “Yosh kitobxon” tanlovini (bundan keyingi o‘rinlarda – “Tanlov” deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

1.2. Ushbu tanlov bevosita yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

1.3. Tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tashkiliy-amaliy ishlar bo‘yicha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy-ijodiy ishlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar etib belgilanadi.

II. Tanlovning maqsad va vazifalari

2.1. Qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etiladi.

2.2. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:

yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish;

yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish;

milliy adabiyotimizning durdona asarlari, adiblarimiz ijodini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, kelajakda ijodkor yoshlar tomonidan badiiy yetuk, yuqori saviyali asarlar yaratilishiga erishish.

III. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

3.1. Tanlovda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekistonning barcha yoshlari, xususan o‘quvchi-talabalar, ishchi-xodimlar, harbiy xizmatchilar, uyushmagan yoshlar va boshqalar ishtirok etishi mumkin.

3.2. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi mas’ul tashkilotlarning vakillaridan iborat Tashkiliy qo‘mita zimmasiga yuklatiladi.

Tashkiliy qo‘mita zaruratdan kelib chiqib, tanlov nizomi va uni o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi mumkin.

3.3. Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga ariza bilan murojaat qilib, o‘zi haqidagi tegishli ma’lumotlar (tanlov anketasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport nusxalari, o‘qish, ish yoki yashash joyidan)ni taqdim etadi.

3.4. Tanlovda yoshlar o‘zlari yashayotgan yoki o‘zlari o‘qiyotgan (ishlayotgan) muassasasi joylashgan hududdan ishtirok etadi.

3.5. Tanlov quyidagi uchta yosh toifasi bo‘yicha alohida-alohida tartibda o‘tkaziladi:

- 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;

- 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;

- 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar.

3.6. Tanlov to‘rt bosqichda tashkil etiladi.

Birinchi bosqich tanlovning arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo‘lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlardan arizalar qabul qilinadi va ishtirokchilar test sinovi asosida saralanadi.

Arizalar har yili 15 apreldan 20 maygacha O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari hamda tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Test sinovi har yili 20 may - 1 iyun kuni oralig‘ida o‘tkaziladi. Unda ariza topshirgan yoshlar adabiyotga va buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga javob berib, har bir to‘g‘ri javob uchun 2 ball belgilanadi.

Test natijalariga ko‘ra 86 va undan yuqori ball to‘plagan yoshlar keyingi (ikkinchi) bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo‘lib, har yili 
iyun oyida barcha tuman (shahar)lar miqyosida saralash bosqichida yuqori ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘rtasida quyidagi shartlar asosida o‘tkaziladi:

- “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” sharti (20-21 asr adabiyoti bo‘yicha);

- “Jahon adabiyoti bilimdoni” sharti.

Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar (jami 3 nafar) hududiy bosqichga yo‘llanma oladi.

Uchinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib, har yili iyul-avgust oylarida quyidagi 2 ta shart asosida teletanlov shaklida o‘tkaziladi.

- “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” (mumtoz adabiyot bo‘yicha) sharti;

- “Buyuk mutafakkir va adib” sharti (buyuk ajdodlarimiz bo‘yicha).

Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan ishtirokchilar Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.

To‘rtinchi bosqich tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib, har yili oktyabr- dekabr oyi davomida “Yoshlar” telekanali orqali teletanlov shaklida, 4 ta shart asosida o‘tkaziladi.

3.7. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish mas’ul tashkilotlarning vakillaridan iborat Tashkiliy qo‘mita zimmasiga yuklatiladi.

3.8. Tanlovning tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichlari bo‘lib o‘tadigan joyi, sanasi respublika va hududiy Tashkiliy qo‘mitalar tomonidan belgilanadi hamda 10 kun oldin hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga ma’lum qilinadi.

3.9. Har yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda tanlov shartlari bo‘yicha davrlashtirilgan holda adiblar va ularning asarlari ro‘yxatlarini shakllantirib boradi hamda saralash bosqichida foydalanish uchun test savollarini tuzib beradi.

IV. Tanlov shartlari va baholash mezonlari

4.1. Tanlov quyidagi shartlar asosida o‘tkaziladi:

1-shart. “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”.

Ushbu shartda o‘zbek adabiyotiga oid kitoblardan parcha o‘qiladi va ishtirokchidan asarni topish hamda mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida gapirib berish so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.

Ishtirokchilar kitobdan parchani bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 2 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.

2-shart. “Jahon adabiyoti bilimdoni”.

Ushbu shartda Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan jahon adabiyotiga oid kitoblarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilar sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.

Ishtirokchilar kitob nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.

3-shart. “Buyuk mutafakkir va adib”.

Ushbu shartda Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy singari ulug‘ allomalar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari haqida ma’lumot berishlari so‘raladi, ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.

Ishtirokchilar ulug‘ allomalar yoki o‘zbek adabiyoti namoyandalari nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 2 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.

4-shart. “She’riyat”.

Ushbu shartda ishtirokchilar Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan she’riy parcha davom ettirishi hamda mazmun-mohiyatini sharhlab berishi so‘raladi.

Ishtirokchilarga tayyorgarlik ko‘rish uchun 2 daqiqa, javob berish uchun 
3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.

4.2. Tanlovlar jarayonida foydalaniladigan savollar va testlar majmuasi Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tanlovning barcha bosqichlari uchun alohida-alohida tuziladi, maxsus konvertlarga solinib, muhrlanadi hamda joylarga yetkaziladi.

4.3. Tanlovning hududiy va respublika bosqichlarida yuqoridagi shartlar mavzusi saqlangan holda, shartlar mazmuni va tartibi teletanlovga moslashtirilgan shaklda o‘tkazilishi mumkin.

Tanlov shartlaridagi o‘zgarishlar bo‘yicha ishtirokchilar bellashuvdan kamida 3 kun oldin xabardor qilinadi.

4.4. Tanlovning har bir bosqichida shoir-yozuvchilar, o‘qituvchilar, jurnalistlar va boshqa mutaxassislardan iborat Hakamlar hay’atlari tuziladi.

Hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholashda ularning belgilangan kitoblarni o‘qiganligini tekshiradi hamda mohiyatini to‘g‘ri tushungani va ifoda etib bera olish qobiliyatiga qarab baholaydi.

4.5. Tanlov o‘tadigan kundan kamida bir oy oldin belgilangan kitoblar ro‘yxati e’lon qilinadi hamda kitoblar ro‘yxatini tuzishda ishtirokchilarning yosh toifasi inobatga olinadi.

4.6. Barcha shartlar bo‘yicha umumiy ballar qo‘shib hisoblanganda, eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan ishtirokchi tanlovning g‘olibi deb topiladi. Agar ishtirokchilar o‘rtasida umumiy to‘plangan ballar teng kelib qolgan taqdirda, I, II va III o‘rinlarni taqsimlash Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan hal etiladi.

Shuningdek, buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimiz merosini chuqur o‘rganish maqsadida hamda ularning yubiley sanalari munosabati bilan hamkor tashkilotlar tomonidan muayyan yo‘nalishlarda qo‘shimcha nominatsiyalar ta’sis etilishi mumkin. Qo‘shimcha nominatsiyalar haqida ma’lumot har yilgi tanlovlar e’lonida ma’lum qilinadi.

4.7. Hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan qarorga sharh berilmaydi va ushbu qarorni muhokama etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

V. G’oliblarni taqdirlash

5.1. Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:

Tanlovning tuman (shahar) bosqichi g‘oliblari:

uchta toifada 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri planshet, diplom va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichiga yo‘llanma bilan;

uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri uyali telefon va diplom bilan;

uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek adabiyotining durdona asarlaridan iborat (20 ta) kitoblar jamlanmasi va diplom bilan.

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi g‘oliblari:

uchta toifada 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri noutbuk, diplom va tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma bilan;

uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri planshet va diplom bilan;

uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek adabiyotining durdona asarlaridan iborat (50 ta) kitoblar jamlanmasi va diplom bilan;

Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari:

uchta toifada 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri qimmatbaho sovg‘alar, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan;

uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri kompyuter jamlanmasi (monoblok), printer (1x3), diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan;

uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek adabiyotining durdona asarlaridan iborat (200 ta) kitoblar jamlanmasi, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi;

- qolgan barcha respublika bosqichi ishtirokchilarining har biri o‘zbek adabiyotining durdona asarlaridan iborat (20 ta) kitoblar jamlanmasi, sertifikat va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan taqdirlanadi.

5.2. Tanlovning tuman (shahar) bosqichi g‘oliblariga beriladigan diplomlar tuman (shahar) hokimlari tomonidan, tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi g‘oliblariga beriladigan diplomlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan, tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblariga beriladigan diplomlar esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan imzolanadi.

5.3. Qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tashkiliy qo‘mitalar va hamkor tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

VI. Yakuniy qoidalar

6.1. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi.

6.2. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish jarayoniga homiylik mablag‘larini jalb etish mumkin.

E'lon