logo
. . .

“Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi

Har oyda eng kam ish haqining 2 baravari sizniki!

 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi

NIZOMI

 


1.1 “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi – barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari (bakalavr, magistr)ga ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy va huquqiy savodxonligi hamda ijtimoiy faolligiga qarab beriladigan rag’batlantiruvchi mukofotdir.
1.2. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi talabalarning O’zbekiston yoshlar ittifoqi (keyingi o’rinlarda Ittifoq deb yuritiladi) Ittifoq faoliyatida erishgan eng yuqori natijasi va yutug’i sifatida e’tirof etiladi.
1.3. “Zulfiya” mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali, nomdor davlat stipendiyasi (darajasi jihatidan mazkur stipendiyadan yuqori turishi, shuningdek, “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi iqtidorli yoshlarni kashf etish va qo’llab-quvvatlashga qaratilishini inobatga olib) sovrindorlari mazkur tanlovda ishtirok etishi mumkin emas.
1.4. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi yilning o’n oyi davomida to’lab boriladigan to’lov bo’lib, stipendiyaning bir oylik miqdori eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida belgilanadi.
1.5. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasini olish uchun faqat oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan talabalar (bakalavr va magistr) hujjatlarini taqdim etishlari mumkin.

2.1. Ittifoqning oliy ta’lim muassasalari talabalari orasiga yanada chuqurroq kirib borishini ta’minlash va ta’sirini oshirish, talabalarning Ittifoq faoliyatiga intilishini kuchaytirish.
2.2. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining jamoat ishlari va Ittifoq faoliyatidagi faolligi hamda tashabbuskorligini rag’batlantirish.
2.3. Ittifoq faoliyatini kuchaytirishda talabalarning iqtidori, ilmiy salohiyati, faolligi va shijoatidan unumli foydalanish.

3.1. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasini qo’lga kiritish uchun respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalarining talabalari (keyingi o’rinlarda nomzod deb yuritiladi) hujjat topshirishlari mumkin.
3.2. Nomzodlar hujjatlarni 2-kursdan boshlab topshirishlariga ruxsat etiladi.
3.3. Nomzodlarning hujjatlari o’tgan o’quv yilida yaxshi va a’lo baholarga o’zlashtirgan taqdirda qabul qilinadi.
3.3. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasiga tanlov uch bosqichda tashkil etiladi:
birinchi bosqich – nomzodlarni anketa va hujjatlari Ittifoqning oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang’ich tashkilotlarida har o’quv yilining 30 oktyabriga qadar qabul qilinadi.
Nomzodlar hujjatlarini oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang’ich tashkilotning Yoshlar Kengashi ko’rib chiqadi hamda munosib nomzodlarni o’quv yilining 15 noyabriga qadar Ittifoqning tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etadi.
Nomzodlarning hujjatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan ko’rib chiqilib, saralangan nomzodlar o’quv yilining 1 dekabriga qadar Ittifoqning hududiy Kengashlariga taqdim etiladi.
3.4. Nomzodlar quyidagi hujjatlar taqdim etishi lozim:
- nomzod anketasi;
- fuqarolik pasporti nusxasi;
- 2 dona (3x4 hajmdagi) rasm;
- Ittifoqning oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang’ich tashkilot yoshlar yetakchisi hamda Ittifoqning tuman (shahar) Kengashi raisidan tavsiyanoma;
- nomzodning fanlarni o’zlashtirish ko’rsatkichi aks ettirilgan ma’lumotnoma;
- nomzodning iqtidori va faolligini ko’rsatuvchi hujjatlar (faxriy yorliq, diplom, sertifikat va boshqa);
- nomzodning faolligi va iqtidorini ko’rsatuvchi ilmiy-publitsistik materiallar (to’plamlar yoki matbuotda chiqqan ilmiy maqolasi, tezislari, publitsistik maqolasi);
- nomzodning Ittifoq tomonidan ta’sis etiladigan tanlov va targ’ibot tadbirlariga taklifi hamda innovatsion g’oyasi (chop etilgan holda).
Ikkinchi bosqich – saralash bosqichi bo’lib, mazkur bosqichda Ittifoqning hududiy Kengashi qoshida ishchi guruh tuzilib, hududdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridan kelgan nomzodlarning hujjatlari o’rganib chiqiladi va ularning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan test imtixonlaridan yuqori ball to’plagan har bir oliy ta’lim muassasalaridan 5 nafargacha munosib nomzodlar saralab olinadi.
Nomzodlar Ittifoq tomonidan ta’sis etilgan loyihalarga taklifi hamda innovatsion g’oyasini davlat tilida 250-350 so’zdan iborat insho shaklida yozib taqdim etadi (bunda davlat tilini bilish darajasi inobatga olinadi).
Uchinchi bosqich – yakuniy bosqich bo’lib, mazkur bosqichga yo’llanma olgan ishtirokchilarning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligi hamda loyiha taqdimoti baholanadi. Markaziy Kengashning yo’nalishlar bo’yicha bo’lim mudirlaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan nomzodning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligi hamda loyihasi taqdimotiga qaratilgan suhbat tashkil etiladi. Suhbat natijalariga ko’ra munosib deb topilgan hamda baholash natijalariga ko’ra yuqori ball to’plagan nomzodlar “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohibi deb topiladi.
3.5. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblari ro’yxati Ittifoqning Markaziy Kengashi Ijroiya qo’mitasi qarori bilan tasdiqlanadi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
3.6. Nomzodlarni saralash bo’yicha belgilangan muddatdan kechikib taqdim etilgan hujjatlar qabul qilinmaydi, shuningdek, taqdim etilgan hujjatlar qaytarib berilmaydi.
3.7. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohibi bo’lgan nomzodlar keyingi saralashlarda takroran ishtirok etishi mumkin emas.

4.1. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblari o’zlari bildirgan taklif va innovatsion g’oyalardan kelib chiqib, quyidagi koordinatorlik guruhlariga ajratiladi hamda tuman (shahar) hududidagi yoshlar o’rtasida targ’ibot tadbirlari va tanlovlarni yuqori saviyada o’tkazilishiga mas’ul hisoblanadi:
- Ijtimoiy himoya va huquqiy loyiha koordinatorlari - ta’lim muassasalari, bolalar oromgohlari, korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo’jaliklari, harbiy qismlar hamda mahallalarda yoshlarga oid davlat siyosatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni tashkil etish va o’tkazish bo’yicha ishlar olib boradi;
- Ma’naviy va ma’rifiy loyihalar koordinatorlari - ta’lim muassasalari, bolalar oromgohlari, korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo’jaliklari, harbiy qismlar hamda mahallalarda yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir qiluvchi zararli g’oyalar, diniy oqimlar, illatlarga qarshi yoshlar ongida immunitet hosil qiluvi loyihalarni tashkil etish va o’tkazish bo’yicha ishlar olib boradi;
- Sport, salomatlik va ekologik madaniyat loyihalari koordinatorlari - ta’lim muassasalari, bolalar oromgohlari, korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo’jaliklari, harbiy qismlar hamda mahallalarda yoshlar o’rtasida sport, sog’lom turmush tarzi, yoshlarning ekologik madaniyatini rivojlantirishga oid loyihalarni tashkil etish va o’tkazish bo’yicha ishlar olib boradi;
- Tadbirkorlik va turizm loyihalari koordinatorlari - barcha ta’lim muassasalarida yoshlar uchun ekoturizm va yoshlar turizm sohasidagi g’oyalarini qo’llab-quvvatlash, tadbirkorlik, kichik biznes uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishga yo’l ochadigan loyihalarni tashkil etish va o’tkazish bo’yicha ishlar olib boradi;
- Innovatsion g’oyalar va IT loyihalari koordinatorlari - barcha ta’lim muassasalari va mahallalardagi uyushmagan yoshlar uchun robot texnika, innovatsion texnologiyalar, zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalaridan keng foydalishni ta’minlashga qaratilgan loyihalarni tashkil etish va o’tkazish bo’yicha ishlar olib boradi.
4.2. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblari yo’nalishlar bo’yicha tuman (shahar) va hududlar kesimida faoliyatini olib boradi.

5.1. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblari “Yil talabasi” tanlovida ishtirok etish huquqini qo’lga kiritadi hamda hudud miqyosidagi tanlov g’olibi “Kelajak bunyodkori” medalini olishga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
5.2. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblariga ular keyingi faoliyati davomida Ittifoqda faol bo’lgan taqdirda ular uchun berilayotgan stipendiya yana bir o’quv yiliga uzaytirib beriladi.
5.3. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblari bo’lgan, ustama ish haqi to’lanadigan O’zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang’ich tashkilot yetakchilariga stipendiya to’lanmaydi.
5.4. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sohiblari keyingi faoliyati davomida Ittifoq faoliyatida faol ishtirok etmasa, o’zlari taklif etgan loyihalarni va innovatsion g’oyalarni yoshlar o’rtasida tatbiq eta olmasa, Ittifoqning tuman (shahar) va hududiy Kengashi taqdimnomasiga asosan Markaziy Kengash Ijroiya qo’mitasi qaroriga binoan unga stipendiya to’lab berish to’xtatiladi va berilgan guvohnoma bekor qilinadi.
5.5. “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi sovrindorlariga to’lab boriladigan stipendiya uchun mablag’ Ittifoqning Markaziy Kengashi hisobidan ajratilib, hududiy Kengashlar orqali to’lab boriladi.
5.6. Sovrindorlarga stipendiya to’lab borish to’xtatilgan taqdirda, ular uchun ajratilgan mablag’ tegishli hududiy Kengash tomonidan Ittifoqning Markaziy Kengashiga qaytariladi.

Online anketa topshirish Anketani yuklab olish

E'lon