logo
. . .

"Yoshlar press-klubi"

Muammolar, takliflar, murojаatlar... Ushbu minbar har birimizniki!

 

“Yoshlar press-klubi” to‘g‘risida”gi

NIZOMI

 


1. “Yoshlar press-klubi” (keyingi o‘rinlarda Press klub deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2017-yil 18-iyuldagi PQ-3138-son Qaroriga muvofiq O‘zbekistonda yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi (keyingi o‘rinlarda Yoshlar ittifoqi deb yuritiladi), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (keyingi o‘rinlarda MTRK deb yuritiladi) va Kinematografiyani rivojlantirishga ko‘maklashish markazi (keyingi o‘rinlarda Kinematografiyani rivojlantirish markazi deb yuritiladi) tomonidan tashkil qilingan Yoshlar ittifoqining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bo‘linmasi hisoblanadi.
2. Press-klub o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va ushbu Nizomga muvofiq ravishda amalga oshiradi.
3. Press-klub o‘zining ish Reglamentini mustaqil belgilaydi.
4. Press-klub qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z ramzi va atributikalariga ega bo‘lishi mumkin.
5. Press-klubning joylashgan manzili (pochta manzili): 100011, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 11-uy.

— 6. Press klubning asosiy maqsadi mamlakatimiz yoshlari hayotida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tezkor va sifatli yoritishda interfaol mediamaydonni tashkil qilish orqali ijtimoiy muloqotni yanada kuchaytirish, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini tahlil qilish hamda yoshlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida obyektiv ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
7. Press klub quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
yoshlar masalalarini yoritishga qaratilgan konstruktiv muloqotlarni olib borish uchun tashkil etilgan mediamaydonda davlat boshqaruvi organlari, ekspertlik jamiyatlari vakillari, xorijlik va mahalliy mutaxassislar bilan ommaviy axborot vositalari ishtirokida ochiq muloqotlar o‘tkazadi va uchrashuvlar tashkil etadi;
yoshlar mavzusidagi muammoli masalalar bo‘yicha ishonchli axborotlarni yoritish uchun press-konferensiyalar, brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari va uchrashuvlarni o‘tkazish orqali o‘zaro ta’sirchan kommunikativ maydonni yaratadi va kengaytiradi;
san’at, madaniyat va sportning hozirgi kunda yoshlar hayoti va ongiga ta’sirini o‘rganadi, natijasini mediamaydonda tahlil qilish orqali keng jamoatchilikka yetkazadi;
yoshlar masalalarini, ayniqsa yoshlarning tarbiyasiga chuqur ta’sir ko‘rsatadigan zamonamiz qahramonlari obrazini yaratuvchi spektakllar va filmlar tematikasini jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqadi va ularni muhokamaga qo‘yadi;
yoshlarning tashabbuslari, dasturlari, loyihalari va turli mavzudagi tadbirlariga doir masalalarni hamda Press klub faoliyatini to‘liq va obyektiv yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqotlar o‘tkazib boradi va bu yo‘nalishda ular bilan hamkorlik qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosatini faol yoritishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yadi;
Yoshlar ittifoqining ruxsati bilan Press klubning rasmiy bayonotlari, xabarlari va boshqa axborot materiallarini e’lon qiladi, shuningdek Press klub faoliyati bilan bog‘liq video-, foto- va audio materiallar, sharhlar va ekspress-tahlillarni tayyorlaydi va tarqatadi.
8. Press klub Yoshlar ittifoqi tomonidan beriladigan vakolatlar doirasida boshqa faoliyatni ham amalga oshirishi mumkin.

9. Press klubning huquqlari:
Press klubga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari vakillari hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlaridan olish;
o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlar, tahliliy ma’lumotlar, video-, foto- va audio materiallarni Yoshlar ittifoqi va uning hududiy Kengashlaridan, MTRK va uning tizimidagi telekanallar hamda hududiy teleradiokompaniyalardan, Kinematografiyani rivojlantirish markazi va uning hududiy bo‘linmalaridan o‘rnatilgan tartibda so‘rab olish;
Press klubda o‘tkaziladigan press-konferensiyalar, brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari, teleko‘rsatuvlar, teledebatlar va boshqa tadbirlar jarayonida va ularni efirga uzatish vaqtida homiylarning reklama materiallarini joylashtirish;
mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Press klub faoliyatiga doir yig‘ilishlar va maslahatlashuvlar o‘tkazish;
Press klub muhokamasiga taqdim qilingan maqolalar, foto va video materiallar mualliflariga tegishli tavsiyalar berish hamda ularga o‘zgartirishlar kiritish;
Press klubga taqdim qilingan axborotlar ishonchsiz bo‘lgan taqdirda, ularni e’lon qilishdan voz kechish;
Press klubning faoliyatini takomillashtirish va axborot-ma’lumotlari bilan ta’minlash bo‘yicha Yoshlar ittifoqi, MTRK va Kinematografiyani rivojlantirish markazi rahbariyatiga takliflar kiritish.
10. Press klubning majburiyatlari:
ushbu Nizomda belgilangan talablarga rioya etish;
Press klubda e’lon qilinadigan yangiliklar, maqolalar, foto- va video materiallarni Yoshlar ittifoqi bilan kelishish;
Press klubga taqdim qilinadigan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish;
Press klub ishida foydalanilgan video-, foto- va audio materiallarni belgilangan tartibda saqlash;
o‘z faoliyati to‘g‘risida Yoshlar ittifoqining so‘rovi bo‘yicha hisobotlar taqdim etish.
Press klub tarkibi uning iltimosnomasiga binoan o‘zgartirilishi mumkin.

11. Press klub faoliyatini Press klub bosh prodyuseri boshqaradi.
12. Press klub bosh prodyuseri Kinematografiyani rivojlantirish markazining tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ittifoqi raisi tomonidan lavozimiga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
13. Press-klub bosh prodyuseri:
Press-klub tarkibini shakllantiradi;
Press-klubga rahbarlikni amalga oshiradi va uning faoliyati natijalari bo‘yicha javobgar bo‘lib, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqalarni ta’minlaydi;
Press-klub tarkibidagi xodimlar va guruhlarning ushbu Nizom talablariga rioya etilishlarini kafolati hisoblanadi;
Press-klubga berilgan vakolatlar doirasida ish hujjatlarini imzolaydi;
Press-klub tarkibidagi mutaxassis xodimlar va guruhlar majburiyatlarini belgilaydi, ularga yuklatilgan vazifa va topshiriqlarning bajarilishini nazorat qiladi;
ushbu Nizomda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ish (tadbirlar) rejasini shakllantiradi va ularning bajarilishini tashkil etadi, ijrosini nazorat qiladi;
Press klub tomonidan tashkil etiladigan press-konferensiyalar, brifinglar, davra suhbatlari, ko‘rsatuvlar va boshqa tadbirlarga tayyorgarlik ko‘radi va ularning o‘tkazilishini ta’minlaydi;
o‘tkaziladigan tadbirlar jarayonini boshqaradi, munozara tartibini va borishini kuzatadi, muhokama jarayoni vaqtida asosiy yo‘nalishni ushlab turishga ko‘maklashadi.
14. Press klub tarkibiga kiruvchi mutaxassislar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan kelishilgan holda Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan mehnat kontrakti asosida ishga jalb qilinadi.

E'lon