Soʻnggi yillar yurtimiz yoshlari hayotida qanday aks etdi?

Bugun “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan kun. Mazkur qonun 2016-yil 14-sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan.

Ushbu qonunning har bir moddasida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish, yosh oilalarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish, xullas yoshlarning farovon hayoti uchun neki daxldor boʻlsa, barchasi aks etgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni bugundan boshlaydigan boʻlsak, uni aynan innovatsion gʻoyalar, innovatsion yondashuv asosida boshlashimiz kerak”.

Bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ana shunday innovatsiyaga tayangan holda faoliyat yuritilmoqda. Soʻnggi 2 yil ichida mamlakatimizda yoshlar siyosati yoshlar hayotini oʻzgartirib yuborgan voqealarga boy boʻldi.

  1. Jumladan, Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi.
  2. “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. Bu yil mustaqilligimizning 27 yilligi munosabati bilan mazkur medalning ilk sohiblari 14 nafarni tashkil etdi.
  3. “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti taʼsis etildi. Mazkur mukofot bilan 28 nafar oʻzbek xalqining oʻgʻlonlari taqdirlanishdi.
  4. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovi Respublikamiz boʻylab, eng ommalashgan tanlovga aylandi. 2 yosh toifasida ikki nafar gʻolib kitobxonga Prezident sovgʻasi – “Spark” avtomashinasi sovgʻa qilindi. Bu yil mazkur koʻrik-tanlovning qamrovi yanada kengayib, 3 nafar zukko kitobxonlar oliy sovrin egasiga aylanishadi.
  5. “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” taʼsis etildi. Ushbu mukofot bilan 25 nominatsiya boʻyicha 25 nafar turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar taqdirlandi.
  6. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlarning 40 nafari “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
  7. Intellektual salohiyati baland yosh rahbar kadrlarni tayyorlash maqsadida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi.
  8. 3 yilda bir marta istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻtkaziladigan boʻldi. Tanlov gʻoliblari rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka oʻtashni oʻz ichiga oladigan “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarda oʻqiydi. Soʻng tegishli yoʻnalishlar boʻyicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.
  9. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bunyod etilayotgan “Yoshlar uylari”ni har bir viloyatda minglab yosh oilalarga berish yoʻlga qoʻyildi.
  10. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, band boʻlmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar va biznes yuritish koʻnikmalariga oʻqitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tashkil etildi. Jamgʻarmaning hududiy filiallari ham shakllantirilib, hozirda tizimli ishlar olib borilmoqda.
  11. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan umumiy oʻrta taʼlim sohasida 11 yillik taʼlim tizimi joriy etildi.
  12. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universiteti tashkil etildi.
  13. Toshkent shahrida AQSHning “Vebster” universitetining filiali ochildi.
  14. Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Osiyo olimpiya kengashi Bosh assambleyasi yigʻilishida kurash milliy sport turini Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi.
  15. Bu yil Indoneziyada boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz umumiy hisobda 70 ta medal bilan Oʻzbekistonga qaytishdi.
  16. Mamlakatimizdagi harbiylik akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi va mazkur maktablarning faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi.
  17. Yoshlarimiz xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda boʻlishlari, oʻz salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishlari uchun Oʻzbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasini tuzildi.

Prezidentimizning soʻzlari bilan aytganda, “Bu ishlarning barchasidan biz yagona bir maqsadni koʻzda tutmoqdamiz. Yaʼni Oʻzbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlishi shart”. Shunday ekan biz yoshlar ham Vatanimizning yetakchi, ishongan kuchiga aylanishga harakat qilishimiz shart!