“Bugun Sardor boʻlgan oʻquvchining ertaga yetuk kadr boʻlish ehtimoli kuchli”

“Yoshlar haftaligi” doirasida Shofirkon tumani “Sharq yulduzi” fermer xoʻjaligida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti Sardorlar Kengashi aʼzolari hamda taʼlim muassasalaridagi Yoshlar yetakchilari uchun oʻquv-seminar tashkil etildi.

Soʻlim goʻshada oʻtkazilgan seminarda Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti boʻlim mudiri Durdona Rahimova, malakali trener Marhabo Safarova, tajribali psixolog Dilobar Mirvosidovalar tomonidan “Sardor kim va qanday boʻlishi kerak?”, “Liderlar qanday fazilatlarga ega boʻlishi lozim?”, “Yoshlarda Sardorlik qobiliyatlarini shakllantirish”, “Yetakchining vazifalari”, “Yoshlarga psixologik koʻnikmalar berish” va yana bir qator mavzularda maʼlumotlar berildi.

Seminarda ayniqsa, yoshlar orasidan Sardorlarni tanlash, ularda Sardorlik koʻnikmalarini shakllantirish, tengdosh-tengdoshga tamoyili asosida yoshlar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, mahallalardagi yoshlarni ham qamrab olish mavzulariga alohida eʼtibor qaratildi.

– Har bir taʼlim muassasasida Sardorlar zoʻr faoliyat yuritar ekan,kelajakda ishsiz yoki tengdoshlaridan ortda qoladigan yoshning oʻzi boʻlmaydi, - deydi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti boʻlim mudiri Durdona Rahimova. – Chunki bugun Sardor boʻlgan, tashkilotda faol boʻlgan yosh kelajakda bemalol xohlagan kasbda yetuk kadr boʻlib yetisha oladi. Sardorlik kishini ham maʼnan, ham kasban, ham ijtimoiy jihatdan yuksaltiradi. Shuning uchun haftalikda Sardorlar faoliyatini takomillashtirishga eʼtibor qaratdik.

Shu bilan bir qatorda Sardorlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshlangʻich tashkilotlar yetakchilarining ham yoshlar hayotidagi ishtiroki juda muhim. Ularga ham seminar davomida psixologlar tomonidan yoshlar bilan ishlash boʻyicha koʻnikma va tavsiyalar berildi.

Seminar yakunida faollik va tashabbuskorlikni oshirishga qaratilgan interfaol oʻyinlar ham tashkil etildi.