“MILLIY JURNALISTIKANI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI: NAZARIYA VA AMALIYOT”

Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini targʻib qilish, mamlakatimizda mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan yoshlar hayotini keng yoritish, ularning qiziqishlari, yutuq va muammolari haqida rang-barang media-mahsulotlar yaratishda yosh jurnalist kadrlardan foydalanish oʻz samarasini bermoqda.
Bu borada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan navqiron jurnalistlar malakasini oshirish, tezkor va xolisona mediamahsulot tayyorlash hamda xalqaro tajribani oʻzlashtirish maqsadida koʻplab seminar-treninglar tashkil etib kelinmoqda.

Navbatdagi seminar-trening Konrad Adenaur jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi koʻmagida joriy yilning 8-11-oktyabr kunlari “Mening yurtim” telekanalida oʻtkazildi. “Milliy jurnalistikani rivojlantirish istiqbollari: nazariya va amaliyot” mavzusidagi seminar-treningga yetakchi nemis ekspertlaridan biri, Germaniya telekompaniyalar Federal assotsiatsiyasi Prezidenti Rene Falkner boshchilik qildi.
Ceminarda poytaxt va hududlarda faoliyat yurituvchi 20 nafar muxbir yangi texnologik ishlanmalarni qoʻllash, informatsion dasturlarni, xususan“Mening yurtim” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Markaziy studiya” va “Hudud” axborot dasturlarini kreativ mediamahsulotlar bilan toʻldirishning eng ilgʻor tajribalarini oʻrganishdi. Shu bilan birga axborot uzatishning nostandart usullari va koʻproq tomoshabinni jalb qilish imkoniyatlari bilan ham tanishishdi.

Seminarda asosan yoshlar hayotini yosh jurnalistlar nigohida tahlil qilish va keng yoritish, ularni oʻylantirayotgan masalalarni chuqur oʻrganish va unga yechim izlash, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini muvofiqlashtirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etishda telejurnalistikaning oʻrniga alohida eʼtibor qaratildi. Seminar-treninglar yosh jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi va ular oʻzlari uchun kerakli maʼlumotlarga ega boʻlishdi.


Maʼlumot uchun: Rene Falkner 1974-yil 21-aprelda Germaniyaning Leypsig shahrida tugʻilgan. U Leypsig universitetining “Iqtisodiyot va ishlab chiqarishni tashkil qilish” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan boʻlib, ingliz, ispan va fransuz tillarida bemalol soʻzlasha oladi. Rene “Sachsen TV” teleradiokompaniyasida direktor lavozimida ishlagan. 2000-yildan bugungi kungacha esa “Sachsen Fernsehen” telekompaniyasida ish boshqaruvchi (internet, reklama, OAV, televideniye, media-mahsulotlar boʻyicha masʼul) vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari Rene 2016-yildan buyon Germaniya telekompaniyalar Federal assotsiatsiyasi Prezidenti.