Namanganda Ittifoq xodimlarining malakasi oshirildi

Namangan viloyatida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy va mahalliy Kengashlari xodimlari, boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari malakasini oshirishga qaratilgan 3 kunlik seminar-treninglar oʻtkazildi. Seminar-treninglar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Yetakchi” yoshlar markazi tomonidan tashkil etildi. Seminar-treninglar interfaol usulda olib borildi. Xususan,ishtirokchilar 6 ta guruhlarga boʻlinib, berilgan savolga muvofiq oʻz taqdimotlarini taqdim etdilar. Ushbu amaliy jarayon tinglovchilarning olgan bilimlarini amalda qoʻllash imkonini berdi. Trening davomida trener tomonidan ishtirokchilarning kasbiy bilim va koʻnikmalari hamda faolligiga qarab 5 ballik tizimda baholab borildi. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga oid davlat siyosati hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” gi Farmoni, “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori hamda Ittifoq Ustavi boʻyicha tegishli maʼlumotlar seminar davomida ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda tizim xodimlariga yetkazib berildi, – deydi “Yetakchi” yoshlar markazi direktori Abdusattor Boʻstonov. Seminar-treninglar davomida, Ittifoqning hududiy va mahalliy Kengashlari faoliyatida boshlangʻich tashkilotlar bilan ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, hujjatlarni yuritish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli maslahat va uslubiy koʻmaklar berildi. Oʻquvning ilk kuni va yakunida ishtirokchilar test savollari orqali oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Natijalar shuni koʻrsatdiki, yakuniy test javoblari birinchi test koʻrsatkichlaridan keskin farqli ravishda oshgan. Bu esa seminarning sezilarli samarasidan dalolat.