Nodirbek Xurramov: "Men Orolni qutqaraman, asl holatiga qaytaraman deb va'da berolmayman. Ammo bu loyiha Orolbo'yi aholisining yashash tarzini birmuncha yaxshilaydi!"

O'rta Osiyo yoshlarining Xalqaro ‘‘Do'stlik‘‘ forumi doirasidagi ilmiy-amaliy konferensiyada Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti talabasi, “Yosh olimlar” Kengashi a'zosi Nodirbek Xurramovning “Janubiy Orol bo'yida inqirozga uchragan ekosistemalarning hozirgi holati va uni yaxshilash yo'llari” mavzusidagi taqdimoti konferensiya ishtirokchilarini birdek qiziqtirib qo’ydi. 


– Orol muammosi O’rta Osiyo xalqlarining bariga tegishli deb hisoblayman. Bu muammo tobora global ahamiyat kasb etmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Tinch okeanining 1 litr suvida 18-24 gr tuz bo’lsa, Orol dengizida esa bu ko’rsatkich 150-300 grni tashkil etadi. Bu achinarli hol, albatta. Orol maydoni dunyoda yopiq berk ko’llar bo’yicha 4-o’rinda turadi. Ushbu loyiha O’zbekiston milliy universiteti, Moskva davlat universiteti, UFA universiteti, va Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda. Loyiha orqali Orolboyi aholisining yashash tarzi va salomatligi yaxshilanadi. Fikrimcha, O’rta Osiyo yoshlarining barchasi Orol muammosini hal etish yo’lida birlashsa, vaziyatni birmuncha yaxshilash mumkin, – deydi Nodirbek.

Loyihaga ko'ra, ushbu muammo yuzasidan ko'ngilli yoshlar guruhi tashkil etiladi va qardosh xalqlar bir maqsad – Orolni qutqarish uchun harakat qiladi.
Ushbu muammo bo’yicha qozoq, qirg’iz yoshlari ham o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi va konferensiya savol-javoblar, turli bahslar bilan davom etdi.