Oʻrta Osiyo yoshlari Termiz tumanidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markaziga tashrif buyurishdi

Oʻrta Osiyo yoshlarining xalqaro ʼʼDoʻstlikʼʼ forumi doirasida ishtirokchilar Termiz tumanidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markaziga tashrif buyurishdi. 
Ular bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyat va qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar. Afgʻoniston fuqarolari uchun yurtimizda tashkil etilgan oʻquv dargohi qoʻshni davlat yoshlarining mamlakatimiz boy tarixi va adabiyotini chuqur oʻrganishlari hamda kelajakda oʻz yurtdoshlariga ham oʻrgatishlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunda ularga 5000dan ortiq turli sohaga oid adabiyotlarga ega boʻlgan kutubxona yaqindan yordam beradi. Taʼlim markazida yoshlar boʻsh vaqtlarini samarali oʻtkazishlari uchun haykaltaroshlik, tasviriy va amaliy sanʼat, tikuvchilik, komputer savodxonligi toʻgaraklari ham faoliyat yuritmoqda.

– Qoʻshni afgʻon yoshlari tomonidan somondan yasalgan amaliy sanʼat namunalari menda katta qiziqish uygʻotdi. Oddiy somondan betakror asarlar yaratilganligi tahsinga loyiq. Katta mahorat talab etiladigan hunarni qisqa vaqt ichida oʻzlashtirishgani ularning isteʼdodidan darak berib turibdi. Qiziqib qolganligimni koʻrib menga ham sovgʻa qilishdi, – deydi qozogʻistonlik Mederbek.

Ayni vaqtda markazda 122 nafar afgʻonistonlik yoshlar taʼlim olishmoqda. Taʼkidlash joizki, ushbu tashrif afgʻonistonlik yoshlarning tengdoshlari bilan oʻzaro fikr almashishlari, turli mavzularda muloqotga kirishishlarida ayni muddao boʻladi.