Qarshi davlat universitetida “Til – millat koʻzgusi” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 29 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi masʼullari hamda Qarshi davlat universitetining professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.


- Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq ona tilimizni rivojlantirish, davlat tili sifatidagi oʻrni va ahamiyatini kuchaytirish, uni nafaqat rasmiy til, balki milliy madaniyatimizning ifoda vositasi sifatida yanada boyitish va sofligini asrashga alohida eʼtibor berilayotir. Binobarin, davlat va jamoat tashkilotlarida “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar zamirida ham ana shu ezgu maqsad mujassam, - deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi oʻrinbosari Sobirjon Musulmonov.


Soha mutaxassislari tomonidan baʼzan ona tilimiz muloqotida uchrayotgan kamchiliklar, jumladan, koʻchalardagi reklamalarda, televideniye va radiodagi boshlovchilar nutqida adabiy til va imlo qoidalarining buzilishi, shevaga doir va boshqa tillardan kirib kelgan soʻzlarni oʻrinsiz qoʻllash holatlari koʻzga tashlanayotganligi qayd etildi.
Tadbirda ona tilimizning davlat tili sifatidagi oʻrni va mavqeini yanada yuksaltirish har birimizning fuqarolik burchimiz ekani yana bir bor aytib oʻtildi.