Qozogʻiston Respublikasi vakili Marjan Baxyt: “Forum Oʻrta Osiyo yoshlari uchun muloqot va tajribaning keng maydoni boʻlmoqda!”

“Doʻstlik” forumida qatnashayotgan qozogʻistonlik yoshlardan biri Marjan Oʻzbekistonda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

– Mamlakatingizda yoshlar uchun juda keng imkoniyatlar yaratilgan. Davlatingiz yoshlar sohasiga jiddiy eʼtibor qaratadi. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning BMTning 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidan ham bilib olish mumkin. Yurtingizda yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi men qatori ko'plab yoshlarni qiziqtirib qoʻydi. Nafaqat, bu dastur, balki, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimi, faoliyati va uning qoshidagi NNTlar ham har bir yoshning oʻz qiziqish doirasida birlashishi uchun muhim omildir. Biz Qozogʻistonda maxsus ishchi guruh tuzib, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini atroflicha oʻrganmoqchimiz va bu tajribani oʻzimizning mamlakatda ham qoʻllashni reja qildik. Umuman olganda, ushbu “Doʻstlik” forumi intellektual salohiyatli, jahon rivoji uchun oʻz hissasini qoʻshishni istagan Oʻrta Osiyo yoshlari uchun muloqot va tajribaning keng maydoni boʻlmoqda.