“Tashabbus“ koʻrik-tanlovida tashabbuskor yoshlar ham ishtirok etishdi

Jizzax viloyat musiqali drama teatrida tadbirkorlar, fermerlar hamda hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbus” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi bo’lib o’tdi.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbus” koʻrik-tanlovi tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmonlar hamda hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim tadbirlardan biri hisoblanadi.

Shu boisdan mazkur tadbir Oʻzbekiston xalqining bunyodkorlik salohiyati, hayotini yanada yaxshilash va farovon etish yoʻlidagi ezgu intilishlarining yorqin ifodasi boʻlmoqda.
Bu yil ham tanlovning shahar va tuman bosqichlari tashkil etilib, ulardan eng yaxshi ishbilarmonlar, hunarmand va fermer xoʻjaliklari rahbarlari saralab olindi.
Jumladan, joriy yilda tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 560 nafarga yaqin tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar ishtirok etishdi.

5 ta yoʻnalish boʻyicha 60 nafar ishtirokchi viloyat bosqichida qatnashdi.
Ularning orasidan eng munosiblari Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi. Eng quvonarlisi, “Tashabbus” koʻrik-tanlovining gʻoliblari orasida yoshlarning ham borligi, ularning tadbirkorlik, hunarmandchilik yoʻnalishidagi ishlari yuqori baholanganidadir.
–Yurtimizda tadbirkorlarga, xususan, hunarmandlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor juda katta, – deydi tanlov gʻolibi Barno Narzullayeva. – Men bugun oʻsha yaratilayotgan imkoniyatlarning biridan foydalanib, bugungi tanlov gʻolibi boʻldim. Kelgusida qoʻshimcha ish oʻrinlarini koʻpaytirish, hunar oʻrganishga ishtiyoqi baland hunarmand yoshlarni hunarmandchilikka jalb etishga harakat qilaman.