Xudoynazar Nazariy: “Ishoninglar, haqiqiy Afg’oniston aslida unaqa emas...”

Men Termiz tumanidagi Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta‘lim markazi talabasiman. Ilk marotaba O’zbekistonga kelganimda o’zbek yoshlari bilan uchrashib, samimiy  suhbatlashgim keldi. Ochig’i, suhbatdoshlarimizning deyarli barchasi mendan Afg’onistondagi notinchlik va urushlar haqida so’rashadi.

Buning sababini topgandek bo’ldim.Yaqinda  internetga ‘‘Afg’oniston‘‘ deb qidiruv berganimda faqat qurol-yarog’ ko’targan odamlar, urush janggohlari tasvirlari chiqib keldi. Lekin ishoninglar, haqiqiy Afg’oniston aslida unaqa emas, u ham taraqqiy etayotgan  davlatlar bilan tengma-teng rivojlanmoqda. Niyatim ushbu forum orqali Vatanimning go’zal tabiati, betakror arxitekturasi, tarixiy obidalari bilan O’rta Osiyo yoshlarini yaqindan tanishtirish. Forum doirasidagi ilmiy- amaliy konferensiyada Qobul viloyati haqida maxsus rolikni namoyish etdik.

Quvonarlisi, o’zbek yoshlari xuddi shunga o’xshash roliklarni ko’paytirish va targ’ib qilishlarini, yoshlarning Afg’oniston haqidagi negativ fiklarini o’zgartirish taklifini berishdi. Buning uchun ularga alohida rahmat.