Yoshlar ittifoqi Xalqaro qizlar kunini munosib qarshiladi

Yoshlar ittifoqi Xalqaro qizlar kunini munosib qarshiladi: “Tashabbuskor, doʻst, hamfikrmiz, dugonajon”

Bugun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi Yoshlar markazida “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan “Tashabbuskor, doʻst, hamfikrmiz, dugonajon” shiori ostida ijodiy kecha oʻtkazildi. Unda fan, sanʼat, madaniyat sohasi vakillari, Xotin qizlar qoʻmitasi vakillari, oliy taʼlim muassasalari talabalari, “Qizlarjon” klubi aʼzolari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi, 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida yoshlarni, ayniqsa, qizlarni har tomonlama uygʻun, yuksak axloqli, bilimli va milliy qadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilangan. 

Millat davomchisi boʻlmish qizlarni maʼrifatli, ziyoli va onalik maqomiga munosib qilib voyaga yetkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bugunga qadar ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

“Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ham yuqoridagi vazifalar ustuvor qilib belgilandi. Kecha avvalida qizlarni madh etuvchi, ularning ijtimoiy faolligini oshiruvchi ijtimoiy rolik namoyish etildi.

Tashrif buyurgan mehmonlar Oʻzbekiston xalq artistlari faxriy ustoz Toʻti Yusupova, el ardogʻidagi sanʼatkor Gavhar Zokirova mamlakatdagi ulkan oʻzgarishlar va yangilanishlarda yoshlar manfaatlari ustuvorlik kasb etayotganini alohida taʼkidlashdi. Yosh qizlar, ayollar masalasi, ularning salomatligini yaxshilash, taʼlim olishiga shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy muammolarini hal etishga koʻmaklashish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani quvonarli hol ekanligini va bu borada talaba-qizlarning faolligi ham muhim bosqich ekanligini turli hayotiy misollar orqali yetkazishdi.

Ayniqsa, qizlarning taʼlim olishida toʻsiq boʻlayotgan masalalarni hal etish, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, milliy qadriyatlarni ardoqlovchi shaxslar qilib tarbiyalash dolzarb vazifa ekanligini bildirishdi. Hayotiy tajribalaridan misollar keltirishdi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz qizlariga boʻlgan eʼtiborni yanada yuksak pogʻonaga koʻtarilgani tushuntirildi. Qolaversa, “Qizlarjon” klubining qizlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, hamfikrlik, bir-biriga daxldorlik munosabatlarini shakllantirishdagi oʻrni haqida maʼlumotlar berildi.

Eng muhimi, ishtirokchi qizlar farovon jamiyatni qurishda yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yoʻlida bor kuch-gʻayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir qizlar juda kerakli ekanligini yana bir bor teran anglashdi.

Tadbir talaba-qizlarning qiziqishlarini yanada ragʻbatlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari oʻrtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratish borasida ahamiyatli boʻldi. Namunali xulqi, oʻqish va jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir guruh talaba-qizlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida ijodkor qizlarning koʻrgazmasi, musiqiy chiqishlari namoyish etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

“Xalqaro qizlar kuni” Respublika boʻylab nishonlanmoqda.

Gulchehra Ashurova