“Men tanlagan oliygoh!” videoroliklar tanlovi

    “Men tanlagan oliygoh!” videoroliklar tanlovini tashkil

    etish va oʻtkazish toʻgʻrisida

    NIZOM

    I. Umumiy maʼlumot

    Yoshlarni oliy taʼlimga keng jalb qilish, ularga oliy taʼlim muassasalari faoliyati, ularning yutuqlari, yoshlar bilan olib borilayotgan ishlari toʻgʻrisida qisqa videoroliklar orqali maʼlumotlar berish, yoshlarning bilim olishi, oʻz ustida ishlashi, yetuk va malakali mutaxassis boʻlib yetishishiga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi hamkorligida oʻtkaziladi.

    I. Tanlovning maqsadi va vazifalari

    Tanlovning maqsadi: Respublikdagi barcha oliy taʼlim muassasalari toʻgʻrisida qisqa videoroliklar tayyorlash, ularni OAV, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish orqali yoshlarni taʼlimga keng jalb qilish, yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, yetuk va malakali mutaxassis boʻlib kamol topishida koʻmaklashishdan iborat.

    Tanlovni amalga oshirish boʻyicha vazifalar:

    – yoshlarni taʼlimga jalb etish, oʻz-oʻzini rivojlantirishi uchun ruhlantirish, kasb tanlashlariga koʻmaklashishga qaratilgan, barcha oliy taʼlim muassasalari toʻgʻrisida axborot beruvchi videoroliklar bazasini yaratish;

    – yoshlarning oliy taʼlim muassasalarida oʻqishga qiziqishlari ortishiga erishish;

    – oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud sharoitlar toʻgʻrisida yoshlar orasida targʻib qilish hamda jamoatchilik eʼtiboriga namoyish etish;

    – yoshlarning oʻz ustida ishlashi, bilim olishi va oʻz kelajagiga ishonchi ortishiga erishish.

    II. Tanlovni amalga oshirish tartibi

    Amalga oshirish mexanizmi:

    Birinchi bosqich (2018 yil 29 avgustgacha) Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida tanlov komissiyasi tuziladi hamda tanlov oʻtkazilishi boʻyicha OAV (televideniye, radio, gazeta, jurnal va internet) da reklama va eʼlonlar beriladi.

    Ikkinchi bosqich (2018 yil 30 avgustgacha) Oliy taʼlim muassasalarining yoshlar bilan ishlash boʻyicha Prorektorlari boshchiligida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti yetakchilari, professor-oʻqituvchilar ishtirokida ijodiy jamoalar tuziladi va rolik ssenariysi ishlab chiqiladi;

    Uchinchi bosqich (2018 yil 6 sentyabrgacha) oliy taʼlim muassasasi toʻgʻrisida 
    1,5 minutlik videorolik yaratiladi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.

    Toʻrtinchi bosqich (2018 yil 7 sentyabrgacha) tanlov komissiyasi taqdim etilgan videoroliklarni ularning saviyasi, mazmuni, vaqt reglamenti asosida koʻrib chiqadi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifasiga joylashtiradi. Roliklarning ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinish muddati 10 kun.

    Videoroliklarga quyidagi talablar qoʻyiladi:

    – videorolik sodda va tushunarli boʻlib, oliy taʼlim muassasi haqida tomoshabinda yetarlicha taassurot qoldirishi;

    – OAV orqali namoyish etilgan tasvirlardan foydalanmaslik;

    – davomiyligi 1,5 daqiqagacha boʻlishi;

    – videorolik ishlab chiqishda TV materiallarni tayyorlash usullari, jumladan suratga olish ishlari qoʻllanilganligi.

    Videoroliklar SD-diskka yozilgan holda yoki mkbandlik@umail.uz elektron pochtasi orqali tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.

    III. Tanlov gʻoliblarini aniqlash va ragʻbatlantirish tartiblari:

    Tanlov ishtirokchilari orasidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi:

    – Madaniyat, sanʼat, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalari;

    – Texnika, tibbiyot va salomatlik yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalari;

    – Xorijiy taʼlim muassasalarining Oʻzbekistondagi filiallari yoʻnalishlari.

    Oliy taʼlim muassasalari taqdim etgan videoroliklar tanlov komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Yoʻnalishlar boʻyicha videoroliklari eng koʻp ovoz toʻplagan 3 tadan oliy taʼlim muassasalari “Taʼlim va mutaxassislik” XIX xalqaro koʻrgazmasi ochilish marosimida ragʻbatlantiriladi.

    Tanlov gʻoliblari quyidagi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi:

    1-oʻrin uchun: Diplom, kompʼyuter jamlanmasi (3 ta);

    2-oʻrin uchun: Diplom, televizor (3 ta);

    3-oʻrin uchun: Diplom, planshet (3 ta).

    IV. Tanlovni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

    Tanlovni amalga oshirish natijasida quyidagi natijalarga erishiladi:

    – tanlovni amalga oshirish natijasida yoshlarning taʼlim sohasiga qiziqishi yanada oshiriladi;

    – oliy taʼlim muassasalarida mavjud sharoit va imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar beruvchi videoroliklar bazasi shakllanadi va OAV orqali efirga uzatiladi;

    – oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobat yanada rivojlanadi.