Muhammadxon Yusupov

Muhammadxon Yusupov

Stoldagi xat

Stoldagi xat

Muhammadxon Yusupov 1995-yilning 10-martida Namangan viloyati, Namangan tumanida tugʻilgan. Badiiy adabiyotning nasr (asosan, qisqa hikoyachilik) va dramaturgiya sohalarida ijod qiladi. Shuningdek, ingliz va rus tillaridan badiiy tarjimalar qilish bilan ham shugʻullanadi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yosh ijodkorlar kengashining faol aʼzosi. Hozirda Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fakulteti talabasi. “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi. Quyida uning qisqa hikoyalari bilan tanishasiz. 

STOLDAGI XAT

“Xayrli tong, azizim! Nonushtangiz tayyor. Sharbat muzlatgichda. Tonggi gazetani ish stolingizga qoʻyganman. Ishga kech qolmang-a!

Tushlikda qoʻngʻiroq qilishni unutmang!

Sizni oʻpib qolaman!

Men aeroportga ketdim.

Bugun erim keladi...”

ENG MЕHRIBON ONA

– Aka, oyimning aytishlaricha ikkalamizdan birimiz asrandi ekanmiz – onamiz boshqa ekan… Ammo, bilmadim qay birimiz…

QOʻLBOLA EʼLON

“Oyijonimni qidiryapman...

Oyim dunyodagi eng goʻzal ayol!

Alohida belgilari: koʻzim kasal derdilar – yoshlanib ketaveradi. Shu sabab uxlashga ham qiynalardilar. Keyin bir marta bilaklaridagi tomirlarini kesib olgandilar, shuning izi bor.

Oyimni koʻrganlar ularni sogʻinganimni, qidirayotganimni aytinglar. Dadam ham qidiryaptilar. Har kuni topib keldim deydilar lekin u boshqa oyi boʻladi...

Oyijon, qayting! Endi hecham aravachamdan tushib olmayman...”

BAXTSIZLIK

– Bugun shifokorga borgandim. Bilasizmi u menga nima dedi? Koʻzim xiralashgan va endi bir umr koʻzoynak taqib yurishim kerak emish. Bir umr-a? Tasavvur qilyapsizmi? Undan koʻra koʻr boʻlib qolganim yaxshimasmi? Ularga gapirish oson... Ehh, shunaqayam baxtsizlik boʻladimi?

– Ha, sizga qiyin. Iltimos, yashil yonganida ogohlantirib qoʻying!..

OPTIMIST

– Yangi poyabzal sotib olganimda doim bitta qoʻshimcha bogʻichga ega boʻlishimni oʻylab, quvonaman. Umuman kiyilmaydigan ikkinchi poy haqida esa oʻylamaslikka urinaman...

ERK

– Allo

– Allo, qalaysan? Toʻyga chiqasanmi? Senga qarab turibmiz-ku!

– Yoʻq, ogʻayni, uyga mehmon kelishi kerak. Men...

– Eee, mehmon seni koʻrgani kelarmidi? Boʻl, chiqaqol!

– Darslarim ham koʻp...

– Yarim kunda nimani ham qoyillatib oʻrganarding? Ertaga yetkazib olarsan?!

– Boshim ham ogʻriyapti...

– Ana, toʻyga chiqsang yozilib ketadi. Boʻl endi! Chiqasanmi oʻzi yoʻqmi?

– Istamayman!

– Shunaqa demaysanmi?! Boʻpti, gaplashamiz...

ROBIYA

– Ey, Xudoyim, yaqinda tugʻiladigan ukam ham qiz boʻlishini xohlardim. Oʻshanda biz buvijonim bilan birga yashardik…

MAHALLIY DOʻKON

– Amaki, mana! Shu pulga qancha sigareta keladi?

– Hmm, olti quti. Ammo men yosh bolalarga sigareta sotmayman.

– Men sotib olmoqchi emasman. Dadam sigareta soʻrab kirsalar olti safar yoʻq deb ayting! Iltimos…

BЕGONA AYOL

Oldinlari menga oyim ertak aytib berardilar ammo yolgʻiz tinglardim.

Keyin ertakni buvim aytib bera boshladilar, unda ham bir oʻzim tingladim.

Endi esa ertakni bir begona ayoldan eshitayapman, ammo bir dunyo yangi doʻstlar bilan…

YAXSHI AMAKI

– Juda yaxshisiz-da, amaki! Siz kelgan kuni oyim kun boʻyi koʻchada oʻynashimga ruxsat beradilar...

NЕGA YIGʻLAYSAN?

– Axir, bolam, bu qanaqasi?! Toʻrt muchang sogʻ boʻlsa! Tengdoshlaringdan hech bir kaming yoʻq... Yemay yedirib, kiymay kiydirsak, topganimizni seniki desak... Shundoq ekan, yana nega yigʻlaysan, yetim qoʻzim?..

QARZ

– Dada, esingizdami bundan toʻrt yarim oy burun - singlimnikidagi toʻy oldidan mendan 350 ming olgan edingiz?

– Ha-ya, albatta, hozir...

– Yoʻq-yoʻq, bu nima qilganingiz? Uni talab qilayotganim yoʻq. Otaga berilgan pulni ham soʻralarkanmi? Ammo bu narsa farzandning gardanida qolib ketmasligi kerak! Oʻtgan oyda sizdan qancha olgandim?

– Qaydam?.. Esimda yoʻq...

YOLGʻON

– Rostmi?

– Ha! Qaysi gapim?

KORRUPSIYA

– Sizlarni korrupsiya botqogʻidan olib chiqishga vaʼda beraman.Ammo… Bu tekinga boʻlmaydi…

ALOQA DAFTARI

“Aziz ota-onalar, farzandingiz imzoingizni koʻchirib, aloqa daftariga sizning nomingizdan javob yozmoqda. Bunga yoʻl qoʻymasligingizni va farzandingiz tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanishingizni soʻrayman.

Muallima

Imzo”

-

“Hurmatli muallima. Bolamning qilgan ishi haqida oʻqib uni hoziroq jazolashga qaror qildim. Uning adabini berishga shu qadar shoshilayotganimdan imzo qoʻyishga ham ulgurmadim.

Otasi”

AVTOBUSDA

“Erkinlik, bu – yolgʻon gapirmaslik huquqidir.”

(Albert Kamyu)

Yigitcha quloqchinlaridan birini tushirib, soʻradi:

– Nima dedingiz, otaxon?

– Jamoat joyida shunchalik muhim nimani eshityapsan, bolam?

Yigitchaning ensasi qotdi.

– Maʼruza eshityapman!

Oldingi oʻrindiqda militsioner formasidagi kishi sekin bularga oʻgirildi.

– ...Vatanni sevish haqida, – ilova qildi yigit.

BOLAKAY

Bolakay onasiga xat yozmay qoʻydi.

Hamma xatida bor yoʻgʻi bittagina iltimos bor, onasi shuniyam bajarayotgani yoʻq. Bajarish qayoqda, javob ham yozmayapti.

“Endi boshqa xat yozmayman, – ahd qildi u, – Tushimga kiradilar-ku, oʻshanda oʻzlariga aytaman. Yoʻq deb koʻrsinlar-chi!”

Keyin esa har kuni tongda yigʻlab oʻtiradigan odat chiqardi: “Oyim tushimga kirmayaptilar!”

Vanihoyat, kunlarning birida, onasini koʻndira olibdi chogʻi, uygʻonmadi.

Xayr, bolakay!..

TOʻYGACHA

Oʻqituvchi hamshirani sevib qoldi. Hamshiraning ham unda koʻngli bor...

Birinchi uchrashuvni, ikkovlari ham uni-buni bahona qilib ikki oy choʻzishdi: oʻqituvchi durustroq poyabzal sotib olishga ulgurdi, hamshira - yangi koʻylak...

JANNAT

“Agar jannatda yashasang, sen uchun muqaddas narsa qolmaydi...”

Arkadiy Davidovich

1918 yil, iyul. Yekaterinburg.

Ikki qizil askar gʻildiraklari botqoqqa botib qolgan yuk mashinasi yaqinida qip-qizil shafaqqa tikilib jimgina chekib oʻtiribdi.

- Boʻldimi, - soʻradi ulardan biri jimlikni buzib, - Jannatni qurdikmi?

- Qanaqa jannat? - soʻradi ikkinchisi.

- Yerdagi jannatni. Aytishardi-ku, Sovet hokimiyati oʻrnatilgach yerda jannat quriladi, deb.

- Qaydam, - yelka qisib qoʻydi bunisi papirosidan chuqur tortib, - Men jannatga ishonmayman.

Oraga yana jimlik choʻkdi.