#100kun: Kamoljon Alikov: “Ochig‘i, menga kimdir yordam berishiga umidim qolmagandi”

1996-yilda Samarqandda tug‘ilgan Kamoljon Alikov boshqa bolalar qatori ota-onasining mehr to‘la nigohlarini, g‘amxo‘rligi-yu erkalashlarini his qilmadi. Yaqinlaridan erta qolgan bu yigitcha mehribonlik uyida tarbiyalandi. Garchi ko‘ngli yarim bo‘sa-da, kelajagi haqida uzun tunlar orzu qilardi. Oldiga aniq maqsadlar qo‘yardi. Bilimi, tirishqoqligi sabab Samarqanddagi turizm kollejini a’lo baholarga tamomladi.Tadbirkorlik sohasiga qiziqishi sabab, Kamoljon 2015-yilda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovining sovrindoriga aylandi. U o‘zining non va qandolat mahsulotlari sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi edi. Ammo, bu orzusini amalga oshirish uchun unga na mablag‘, na imkoniyat bor edi. Yosh va qatiiy maqsadli Kamoljon qayerlarga murojaat qilmadi, deysiz... Ammo, uning barcha harakatlari samarasiz bo‘lib chiqdi. Hech kim bu yosh yigitchaga yordam berishni istamasdi...

Joriy yilning 14-avgust kuni Shahrisabzda “O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni” Forumi tashkil etildi. Forum doirasida yoshlarni qiynayotgan mavzularda ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotda Kamoljon ham yurak yutib, o‘ziga jasorat topib, ko‘nglini, orzularini, armonlarini “yordi”.

Kamoljon Yoshlar tashkiloti vakillari orqali O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi qabulida bo‘ldi. Yoshlar yetakchisi uning biznes rejasini qo‘llab-quvvatladi. G‘oyani amalga oshirishi uchun imtiyozli kredit ajratishini ma’lum qildi. Mana, 3 yildirki, Kamoljonni qiynab kelayotgan muammo, hech qancha vaqt o‘tmay, o‘z yechimini topdi. Quvonchining chegarasi yo‘q.

— Ochig‘i, menga kimdir yordam berishiga umidim qolmagandi. Ammo bugun bizning Yetakchimiz mening iltimosimni eshitdi. Menga imtiyozli ravishda 3 yilga 35 mln. so‘m mablag‘ ajratishdi. Bu maqsadimga erishishi uchun yetarli. Men Yoshlar yetakchilariga, menga bildirilgan ishonch uchun rahmat aytaman. Kelajakda yoshlar ittifoqi men kabi ota-onasi yo‘q, mehr va e’tiborga muhtoj tengdoshlarimga ham mehr qo‘lini cho‘zishiga endi ishonaman, – deydi Kamoljon Alikov biz bilan suhbatda.

Ha, bu O‘zbekiston yoshlar ittifoqining navbatdagi amaliy qadami edi... Yoshlar tashkiloti bundan keyin ham Kamoljonga o‘xshagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Zero, yoshlar kelajak bunyodkori!