“Agar biz Respublika Sardorlar Kengashi a’zolari bo‘lsak…”

Xorazm viloyatida hududiy Sardorlar Kengashining “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari uchun o‘quv-seminari va Respublika Sardorlar Kengashi saylovining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Murod Zufarov so‘zga chiqib, yoshlarni tarixiy, ya’ni birinchi Respublika Sardorlar saylovi ishtirokchisi bo‘lganliklari bilan qutlab, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi. Bolajonlarga O‘zbekistonning beg‘ubor farzandi bo‘lib yurishni tiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Respublika Sardorlar Kengashi saylovida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Sardorlar Kengashi a’zolari nomidan “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari qatnashmoqda.
“Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari o‘zlarining “Agar biz Respublika Sardorlar Kengashi a’zolari bo‘lsak...” mavzusida saylov oldi dasturi bilan ishtirok etishadi.
Ochilish marosimida Xorazmdagi 2-son musiqa maktabining "Ilg‘or doirachilar" guruhi, yosh estrada xonandalarining chiqishlari, Komiljon Otaniyozovning izdoshlari "Yoshlar markazi"da yig‘ilgan mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir davom etmoqda.