Bolalar endilikda bo‘ylari barobar donalarda shaxmat o‘ynaydi

Navoiy shahrida kitobga haykal o‘rnatildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda aholi o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Navoiy shahar hokimligi hamda shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi hamkorligida o‘rnatilgan haykal chuqur ramziy ma’noga ega. “Ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishlariga ko‘r-ko‘rona ergashish o‘rniga jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashga undovchi samarali tarbiya vositasi bu. Noodatiy, ammo zamon talab qilayotgan jonli targ‘ibot bu.

Shuningdek, bu yerda “Tafakkur maydonchasi” tashkil etilib, qariyb 5 kvadrat metrlik shaxmat taxtasi o‘rnatiladi. Bu yerda bolalar bo‘ylari barobar donalarda shaxmat o‘ynaydi.