“Bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasi”: Aziza to’garak o’qituvchiligiga, Baxtiyor “Makro” savdo majmuasida ishga joylashdi

Barcha ishga joylashganlar haqida yarmarka tugaganidan so‘ng ma’lumot beramiz.
Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi «Yoshlar ijod saroyi»da O’zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi, Toshkent shahar Mehnat bosh boshqarmasi, shahar hokimligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida “Bo'sh ish o'rinlari mehnat yarmarkasi” bo‘lib o‘tmoqda.
Endigina kollejni tamomlagan yosh bitiruvchilarni ishga joylashtirish va o'z bizneslarini ochishga ko'maklashish maqsadida tashkil etildi. Yarmarkada shahardagi 11ta tumandan o'qishni tamomlagan 10 mingdan ortiq yoshlar, harbiy xizmatni o'tagan yigitlar, uyda ishsiz o'tirgan xotin-qizlar va aholining ehtiyojmand qatlamlari ishtirok etdi.
Ularga shahardagi korxona va tashkilotlardagi mavjud bo'sh ish o'rinlari to'g'risida ma`lumot berildi.
Yarmarkamizning o'ziga xosligi shundaki, bu yerda ish o'rinlariga talabgorlar tadbir davomida taklif etilgan ish beruvchilarga o'z mahorat va kasb ko'nikmalarini namoyish etishlari uchun alohida maydonchalar tashkil etilgan.
Tadbir davomida ko'pgina ishtirokchilar qurilish, payvandlash, oziq-ovqat, sut hamda qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish sohasi, masalan, tikuvchilik uskunalarida tikish-bichish va sartaroshlik bo'yicha o'z kasb mahoratlarini namoyish etishdi. Ish beruvchlar esa o'zlariga ma`qul bo'lgan nomzodlar bilan shu joyning o'zida mehnat shartnomalarini imzolashdi.


— Men bugungi yarmarkada o’z mutaxassisligim ya’ni tikuvchilik kasbi bo’yicha Shayxontohur tumani “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markaziga bichish va tikish to’garagi o’qituvchiligiga qabul qilindim, — deydi Olmazor Milliy hunarmandchilik va qurilish KHK bitiruvchisi Akbarova Aziza.
Yarmarkada nafaqat davlat tashkilotlari balki katta savdo-sotiq bilan shug’ullanuvchi xususiy tashkilotlar ham ishtirok etdi. Xususan, “MAKRO” MCHJ savdo majumasi 10 ta ish yo’nalishi bo’yicha 95 ta bo’sh ish o’rinlari bilan ishtirok etdi.
— Men ham ushbu yarmarkada o’zim yoqtirgan ishni topdim. Ertadan boshlab men Yunusobod tumanidagi “Makro” savdo majmuasida stajyor sotuvchi lavozimida ishlayman. Bundan tashqari men bilan birga kelgan o’rtoqlarim ham o’zlariga mos ish topishdi. Men buning uchun ushbu yarmarka tashkilotchilariga alohida rahmat deb qolaman, — deydi Chilonzor tumani “Botirma” mahallasida istiqomat qiluvchi Baxtiyor Muhammadiyev.
Yarmarkada yoshlar, xotin-qizlar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida Toshkent shahridagi 30dan ortiq tijorat banklari imtiyozli kreditlar, muvaffaqiyatli kichik biznes loyihalarini taqdim etish bo'yicha ko'rgazmali taqdimotlar o'tkazishdi.