Boshlang‘ich tashkilot yetakchilarini saylashda “Rozilar, qarshilar, betaraflar…” uslubidan voz kechildi

Endilikda oliy ta’lim muassasalarining ham Boshlang‘ich tashkilot yetakchilarini saylashda “Rozilar, qarshilar, betaraflar...” uslubidan voz kechildi.

Saylovlar butunlay yangi ko‘rinishda — demokratik ruhda o‘tmoqda!

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar yetakchilarini saylash tizimida tub burilish yasaldi. Endi ular demokratik ruhdagi saylovda yopiq ovoz berish yo‘li orqali o‘z nomzodlariga ega bo‘lmoqdalar.

Kuni kecha Buxoro Muhandislik texnologiya institutida o‘tkazilgan saylov ham shunday ruhda bo‘lib o‘tdi. Saylovni oliy ta’lim dargohi rektori Ulug‘bek Muhamedxanov ochib berdi.

Saylovgacha nomzodlarning dasturlari ijtimoiy tarmoqlar va ta’lim muassasining talabalar gavjum joylarida e’lon qilingani va bu yoshlarning munosib nomzodini tanlashlariga imkon berganligini ta’kidladi.

Boshlang‘ich tashkilot yetakchiligi vazifasiga ushbu ilm maskanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Lazizjon Akobirov, Bobir Rustamov hamda Ozod Yuliyev nomzodi qo‘yildi.

Uzoq yillar davomida yoshlar bilan hamqadam, hamnafas bo‘lib, o‘z tashabbuskorligi va intellektual salohiyati bilan obro‘ qozonib kelgan Ozod Yuliyev 77,6 foiz ovozga ega bo‘ldi.

Nima ham derdik, yoshlar ishonchi muborak bo‘lsin, Ozod Yuliyev!

Yoshlarning munosib nomzodga ovoz berishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xuddi shunday saylovlar viloyatimizdagi mavjud boshqa oliygohlarda ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.