Bugun «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi hamkorligida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 8-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining zamonaviy talablarga javob beradigan institutsional asoslari va ular faoliyatining prinsiplarini joriy qilishda muhim dastrurilamal bo‘lmoqda.

«International hotel Tashkent» mehmonxonasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda ma’muriy islohotlar: konsepsiya va rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Konferensiya davomida ma’ruzachilar tomonidan bir qator o‘rinli masalalar xususan, «Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi: asosiy qoidalar va vazifalar», «Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini liberallashtirish: qonunchilik jihatlari», «Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish» kabi mavzular atroflicha ko‘rib chiqilib, muhokama etildi.

Shuningdek, konferensiya ishida tashkilotlarning «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini izchil oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan aholi muammolarining hal qilinishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati mexanizmlarini kengaytirish va mustahkamlashda faol ishtiroki yuzasidan fikrlar almashildi.

Konferensiyada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari K.Beknazarov ishtirok etdi.