Bugun Toshkentda “Ta’lim va mutaxassislik” XVII Xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida “Ta’lim va mutaxassislik” XVII Xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Unda hamkor tashkilotlar vakillari, yoshlar, OAV xodimlari ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Odiljon Tadjiyev, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi, madaniyat va ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi janob Kirsten Michener, Germaniya milliy universiteti lektori janob Simon Kretschmer, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Nuriddin Isomiddin nutq so‘zladi.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari, xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, xorijda ta’lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, o‘quv kurslari hamda nodavlat ta’lim muassasalari ishtirok etmoqdalar.

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Toshkent shahridagi bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar hamda respublikamizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat tashkilotlar, yirik kompaniyalar ishtirokida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” o‘tkaziladi hamda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berib borishadi.

Bugungi kungacha o‘tkazilgan “Ta’lim va mutaxassislik” xalqaro ko‘rgazmasiga tashrif buyuruvchilar soni 350 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini 14-25 yoshdagi yoshlar tashkil etmoqda.

Mazkur ko‘rgazmada mahalliy oliy ta’lim muassasalari, xususan, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Inha universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda AQSH, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijda ta’lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta’lim muassasalari hamda o‘quv kurslari ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, ko‘rgazma davomida bozor iqtisodiyoti sharoitida eng raqobatbardosh, talab qilinayotgan mutaxassisliklar bilan tanishtiruvchi ta’lim dasturlari namoyish etilishi kutilmoqda.

Ushbu ko‘rgazma ertaga ham davom etadi.