Bugun Yoshlar yetakchisi ta’lim muassasalaridagi ahvol  bilan yaqindan tanishdi. Natija esa…

Avval xabar berganimizdek, 14-sentabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi bir guruh yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Muloqot davomida 200ga yaqin takliflar va muammolar inobatga olingandi. Ayni kunlarda o‘rtaga tashlangan muammolarni o‘rganish yuzasidan joyiga chiqib o‘rganishlar boshlandi.
Bugun Yoshlar yetakchisi shu maqsadda bir qator ta’lim muassasalariga tashrif buyurdi.
Dastlab Olmazor tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘rganish olib borildi. Atrof ozoda, sinf xonalarida darslar davom etmoqda. Yoshlar yetakchisi o‘quvchilar bilan dildan suhbatlashdi. O‘quv jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, yoshlar yetakchisi Shahnoza Nishonovaning faoliyati haqida bolalarning fikrlarini tingladi.
Muloqot davomida Yoshlar yetakchisi ushbu ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 20 nafar o‘quvchining taklifiga binoan, ularning Buxoro viloyatiga turistik tashrifini uyushtirish, maktabning kutubxona fondini rivojlantirish maqsadida 200 dona badiiy kitob taqdim qilish, qolaversa, o‘quvchilarda mehnat ta’limi ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida zamonaviy tikuv mashinalari yetkazilishi bo‘yicha ko‘rsatma berdi.


Shundan so‘ng, Yoshlar yetakchisi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Toshkent sanoat va servis kasb-hunar kollejiga keldi. Afsuski, tashrif paytida, ya’ni 13:30da hammayoq suv quygandek jim-jit. Yoshlarni qidirib ham topib bo‘lmaydi. Bu ta’lim dargohida hatto Yoshlar yetakchisining xonasi ham ko‘zga tashlanmadi. Biron xil to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Endigina saylangan Yoshlar yetakchisi Davron Abdulhafizov mavjud ma’naviyat xonasiga tashrif buyurganlarni mehmonlarni olib kirarkan, ahvol yanada xiralashdi. Devorlarda hali hanuz sobiq “Kamolot” YIHning ko'rgazmalari turardi.


Qachon, yoshlar tashkiloti, yoki boshlang‘ich tashkilot obro‘yi oshadi?—dedi Yoshlar yetakchisi Q.Quronboyev, — Qachonki, yoshlarning manfaatlariga xizmat qilsa, ularni birlashtirsa, o'quvchilar qiziqqan sohalar bo‘yicha mashg‘ulotlarga sharoit yaratib bersa... Afsuski, bu holatlardan keyin ushbu ta’lim dargohi yoshlarining manfaatlarini himoya qilish borasida jiddiyroq ishlashimiz lozimligi ma’lum bo‘ldi.
Biz esa, kollej ma’muriyatiga yoshlarga yaratib berilmagan sharoit masalasida hech qanday sababni oqlab bo‘lmasligi ma’lum qilib, Yoshlar yetakchisi mas’uliyatini oshirgan holda tez orada ushbu ta’lim muassasidagi ahvol yaxshilanishiga umid qilamiz.
O‘rganishlar davom etadi.

G.Ashurova