Chiroqchi birinchi o‘n kunlikda barcha tumanlar ichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi bosqichda 2400 tonna xirmon uyib, birinchi o’ringa ko’tarildi

Ta’kidlash joizki, Qashqadaryo viloyati yosh paxtakorlari paxta yig‘im-terimi mavsumida fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Jumladan, har bir tuman kesimida uyushmagan yoshlarni mavsumiy ish bilan ta’minlash orqali ularning moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida 85 ta “Fidoyi yoshlar” otryadi tashkil etilgan.

Aholi va uyushmagan yoshlardan iborat terimchilar 2017-yil paxta hosilini nes-nobut qilmasdan yig‘ib terib olish maqsadida uyushqoqlik bilan mehnat qilib, mustaqil O‘zbekistonimizning xirmoni yuksalishida o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Ishning avj pallasida paxta dalalarida xizmat qilayotgan terimchilarning holidan xabar olish va ularni munosib rag‘batlantirishni maqsad qilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi joylarda uchrashuvlar tashkil qilmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Chiroqchi tumani paxta dalalarida bo‘lib o‘tdi. Unda terimchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

— Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Chiroqchi tumanida tashkil etilgan “Fidoyi yoshlar” otryadi a’zolarining mehnati natijasida birinchi o‘n kunlikda Respublika tumanlari bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyinchalik, 2400 tonna paxta terib, rejani birinchilardan bo‘lib bajarganligi tahsinga loyiq, — dedi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Sh.Sattorov.

Shuningdek, “Eng fidoyi fermer” “Eng ilg‘or terimchi”, “Eng yaxshi otryad rahbari”, “Eng yaxshi fermer xo‘jaligi rahbari”, “Eng faol mahalla raisi”, “Eng faol hamkor” va “Eng faol tashkilotchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha paxta dalalarida mehnat qilayotgan bir guruh faollar taqdirlandi.