“Davlat boshqaruvi sohasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish” mavzusidagi respublika yosh olimlarining ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishini ma’lum qilamiz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5185-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 6-noyabr kuni “Davlat boshqaruvi sohasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish” mavzusidagi respublika yosh olimlarining ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishini ma’lum qilamiz.

Konferensiyaning maqsadi:

2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish hamda davlat boshqaruvi sohasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini keng joriy etish maqsadida Respublikamiz yosh olimlarining ilmiy-amaliy tashabbuslarini o‘rganish va taklif-tavsiyalar ishlab chiqish.

Konferensiyaning vazifalari:
- davlat boshqaruvi sohasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini keng joriy etishga qaratilgan tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini oshirish;
- «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oyani hayotga to‘liq tatbiq etishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni takomillashtirish yuzasidan xulosalar tayyorlash;
- davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllari borasida fikr almashish;
- davlat boshqaruvi sohasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini keng joriy etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
- jamoatchilik nazoratini takomillashtirish orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni umumlashtirish.

Konferensiya quyidagi sho‘balarda ish olib boradi:

1-sho‘ba: Davlat boshqaruvi sohasida ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion yo‘nalishlari.

2-sho‘ba: Ma’muriy tartib-taomillarni optimallashtirish, boshqaruv jarayonida axborot almashishning samarali tizimini shakllantirish.

3-sho‘ba: Mahalliy ijro hokimiyati organlari ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini ta’minlashning zamonaviy usullari.

Konferensiyaga taqdim etiladigan ilmiy maqolalarga talablar:
- ilmiy maqolalar konferensiya yo‘nalishlariga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlillarga tayanib tayyorlangan, tugallangan fikr hamda tegishli taklif va tavsiyalar bilan taqdim etilishi lozim;
- taqdim etilayotgan ilmiy maqolalar soha bo‘yicha yetuk mutaxassislarning kamida bitta taqrizi bilan qabul qilinadi.
Ilmiy maqolalar matnlari tahrir qilingan holda A4 hajmdagi qog‘ozga, yuqoridan va pastdan 2 sm., chapdan 3 sm., o‘ngdan 1,5 sm. joy qoldirib, bir nusxada rasmiylashtirilgan bo‘lishi lozim.

Maqolaning nomi bosh harflar bilan yozilib, 1,5 intervaldan so‘ng muallifning ismi va otasining ismini bosh harflari hamda familiyasi yoziladi, 1 intervaldan keyin tashkilot (ish yoki o‘qish joyi) va shahar nomi ko‘rsatiladi. So‘ngra 1,5 interval qoldirilib, matnning mazmuni 1,5 intervalli qatorlarda yoziladi.

Matnning elektron nusxasi MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 kegel kattaligida bo‘lishi va 4 betdan oshmasligi kerak. Maqolalar bir nusxa qog‘ozda va elektron shaklda 2017-yil 1-noyabrga qadar quyidagi manzilga taqdim etiladi.

Manzil: Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, Ma’muriy hudud binosi 60-uy, 6 qavat 602-xona. Elektron manzil: respublika-yosholim@umail.uz

Batafsil ma’lumotlarni (90) 151-93-39, (90) 168-10-98 telefon raqamlari orqali olish mumkin.