“Fidoyi yoshlar” otryadi Surxondaryodan gapiradi!

Toza havo, keng dala, oppoq ochilgan paxtalar...
Aytish joizki, ushbu mavsumda surxonlik yoshlar ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi qoshida tashkil etilgan 46 ta “Fidoyi yoshlar” otryadida viloyatdagi 5000 nafarga yaqin ishsiz, uyushmagan yoshlar jalb qilingan.
—Ilgari qurilish ishlarida ishlaganman. Rosti, hozir do‘stlarim bilan birgalikda maza qilyapmiz. Hamma sharoitlar yaratilgan. Paxta terayotganimga 10 kun bo‘ldi. Shu vaqtga qadar 600 mingga yaqin daromad ko‘rdim. Demak, bir oyda 1.5 mln.ga yaqin daromad ko‘rar ekanman. Oilaviy byudjetimga ham yaxshigina foyda keltiraman. Ba’zida do‘stlarim bilar kim ko‘p terarga garov ham o‘ynaymiz. Hozircha, birinchilikni qo‘ldan berganim yo‘q, — deydi Qiziriq tumanidagi “Asr kelajagi buyuk” fermer xo‘jaligi dalalarida mehnat qilayotgan Zokirjon Rahimov.
Mana shunday suyagi mehnatda qotgan, qalbi qishloq havosidek toza, mard o‘zbek yigitlari chinakam jasoratga qodir.
Yana bir jihat, ushbu mavsumda viloyatda nafaqat yosh terimchilar, balki yosh fermerlar ham ancha fidoyilik ko‘rsatmoqda.
—“Soqchi don eksport” fermer xo‘jaligi rahbariman. Bugungi kunda fermer xo‘jaligimizga qarashli 86 gektar yerda paxta ekganmiz. Hozirga qadar rejaning 90 foizini bajardik. O‘zim yosh bo‘lganim uchunmi, dalada ham ko‘proq yoshlar. Ular uchun kerakli hamma sharoitlarni yaratyapmiz. Ba’zida birgalikda paxta terib, tushlik vaqti suhbatlashib o‘tiramiz. Ana shunday tengdoshlarim mening yonimda ekan, bu yilgi rejani ham ortig‘i bilan bajarishga va’da beraman, — deydi yosh fermer Alpomish Noraliyev.
— Vatanparvar, fidoyi yoshlarning mehnatini qadrlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, munosib rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan maxsus sovg‘alar, kechgi madaniy dasturlar taqdim etmoqdamiz. Mard, shijoatli, mehnatkash yoshlarimiz bilan ko‘rishib, kuch olaman. Otryadlar bo‘yicha “Eng ilg‘or terimchi” “Eng yaxshi fermer” “Eng faol targ‘ibotchi ” kabi nominatsiyalar bo‘yicha musobaqa ham e’lon qilganmiz. Ularni qimmatbaho sovg‘alar kutmoqda”, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat Kengashi raisi Oxun Umarov.
Nargis Qoraboyeva,
Suratlar muallifi: Jonibek Qo‘zimurodov