Har qanday ob-havoda ham yoshlarimiz bo‘sh kelmaydi!

Kuz o‘z sepini yoydi. Tabiat salqinlashib qolgan. Shunga qaramay, dalalarda ish qizg‘in. “Fidoiy yoshlar” otryadining safi tobora kengayib bormoqda.

Ko‘ngilli yoshlar, tom ma’noda fidoyilik ko‘rsatayotganini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Shunga yarasha Yoshlar ittifoqi ham “labbay” deb javob qaytarmoqda.

Birgina misol...

Bugungi kunda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 67 ta “Fidoiy yoshlar” otryadlari tashkil etilgan bo‘lib, unga 2000 nafardan ziyod yoshlar jalb qilingan. Kuni kecha bir guruh faol terimchilar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Kun uzoq paxta tergan yosh terimchilar “Nihol” mukofoti sovrindorlari, taniqli aktyor va aktrisalarning “Xormang, paxtakorlar” shiori ostidagi kechalarida madaniy hordiq chiqarishmoqda.

Ohangaronda ham ish qizg‘in.

Ohangaron tumanida fidoiy yoshlar 507 nafarni tashkil etadi. Hasharchi sifatida paxta terayotgan ilg‘or terimchilarning barchasi kunora rag‘batlantirilib borilmoqda. Bo‘ka tumani “Bo‘ston”, “Mustaqil”, “Baxmal” hamda Ho‘jaqo‘rg‘onda tashkil etilgan kechki madaniy tadbirlar esa ular uchun unutilmas bo‘ldi. Estradamiz xonandalari Lola Ahmedova, Shaxriyor hamda Kaniza yosh terimchilarning xizmatida bo‘ldi.

Xirmonimizga baraka. Umid qilamizki, har qanday ob-havoda ham yoshlarimiz bo‘sh kelmaydi!