Ikromjonning tashabbusi bilan yoshlar tashkiloti ilk ekspeditsiyasini amalga oshiradi

Ikrom Xudoybergenov Toshkent davlat texnika universiteti talabasi. Tashabbuskor va uzoq yillardan buyon yoshlar tashkilotining faol a’zosi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan anglashuv Memorandumi imzolagan paytda Ikromjon ham o‘sha yerda edi. O‘shanda bu yigit yangi tashabbus bilan chiqqandi. Ya’ni, Orol dengiziga ekspeditsiya uyushtirish. Bu taklifni Yoshlar yetakchisi Qahramon Quronboyev ma’qullab, ekspeditsiyaga o‘zini bosh qilib ko‘rsatgandi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ushbu taklif amalga oshdi.
Avvalroq xabar berganimizdek, “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot loyihasining yana bir yo‘nalishi — Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistlik salohiyati bilan tanishishga doir Orol ekspeditsiyasi edi.


Orol ekspeditsiyasi davomida uning fojiasi oqibatlarini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, yuzaga kelgan muammolar bilan yoshlarni tanishtirish hamda yosh olimlar tomonidan orol dengizida mavjud muammolar ilmiy jihatdan tadqiq etiladi.
Ekspeditsiya davomida yosh olimlar (ekologlar, tibbiyot xodimlari, geologlar, biologlar) mavjud muammoni ilmiy o‘rganadi va tegishli muassasalar bilan birgalikda bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilaydi. Gid-ekskursavodlar hududning turistik xaritasini ishlab chiqadi.
Qolaversa, yosh jurnalistlar va blogerlar ekspeditsiya jarayoni asosida hujjatli film tayyorlashlari va foto, video materiallar to‘plashlari rejalashtirilgan.

G.Ashurova