Inklyuziv ta’lim markazi: “Biz Azizbekka olimpiadada ishtirok etish uchun yo‘l ko‘rsata oldik”

Avval xabar berganimizdek, Xorazm viloyatidagi “Yoshlar markazi” faoliyati tom ma’noda yoshlarning manfaatini himoya qilish, ularni turli yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlash borasida o‘ziga xos natija ko‘rsatmoqda.

Kuni kecha ushbu markazda psixolog Shoira Isoqova Inklyuziv ta’lim markazi tarbiyalanuvchilarining ota-onalari bilan muloqot o‘tkazdi.

Unda imkoniyati cheklangan bolalarning psixologiyasi, ular bilan muomala qilish, suhbatga kirishish, o‘tish davrlari va fe’l-atvor jihatlari borasida psixologik maslahatlar berdi.

—Mehribon Abdullayevaning o‘g‘li Azizbek Boynazarov 2 yoshligida avtohalokatga uchragan. Ularni ko‘chada ko‘rib qolib, ushbu Inklyuziv ta’lim markaziga taklif qilganimga 2 yil bo‘ldi, — deydi ta’lim markazi rahbari Muyassar Qurbonovna. — Shundan buyon ular bilan ishlab kelmoqdaman. Azizbek bir qo‘lidan ajralgan bo‘lsada, suzish sport turi bilan shug‘ullanadi. Badiiy asarlar o‘qiydi, maktabdan sira qolmaydi. Yaqinda u olimpiya o‘yinlarida qatnasha oladi, degan quvonchli xabarni oldik. Demak, mehnatlarimiz samarasiz ketmayapti.