Jizel Mitton: “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faoliyatini strategik muhim Xalqaro tashkilotlar orasida e’tirof etsa bo‘ladi”

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yana bir Xalqaro tashkilot ekspertini qabul qildi.

Joriy yilning 2-oktabr kuni Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringgi” loyihasi eksperti Jizel Mitton O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga tashrif buyurdi. Nufuzli mehmonni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov qabul qildi. Qolaversa, ushrashuvda milliy ekspert Asror Imanxodjayev, Yoshlar ittifoqining 2 nafar vakili ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maqsad-vazifalari, yoshlarning huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan artoflicha ma’lumot berildi. Tashkilot negizida yana bir — “Kamalak” bolalar tashkiloti mavjudligi, muassasa va tashkilotlarda minglab boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotgani va bu o‘z navbatida yoshlar manfaatini himoya qilishda ijobiy natija sifatida baholanayotgani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng, uchrashuvning asosiy qismiga o‘tildi.

Xalqaro ekspert yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash, yoshlar tashkilotining istiqbolli loyihalari, yoshlar masalasidagi asosiy muammolar, majburiy mehnat va unga duch kelganda ko‘rilishi mumkin bo‘lgan amaliy ishlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, bolalar mehnati va majburiy mehnat, bolalar uylaridagi sharoitlar haqida so‘radi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z faoliyati davomida yuqorida ta’kidlangan barcha sohalarni qamrab olganligi sabab javoblardan ekspertning hayrati oshdi.

— O‘zbekiston yoshlar ittifoqining strukturasi meni hayratga soldi, — dedi u. Tashkilotingiz shu darajada mustahkam mexanizmga ega ekanki, butun mamlakat yoshlarini qamrab olibdi.

Jizel Mitton o‘zining Afrika davlatlariga qilgan bir necha marta sayohatlari haqida gapirarkan shunday dedi: “Ochig‘i, O‘zbekistonda yoshlar manfaati to‘laqonli davlat himoyasiga olingan ekan. Men ko‘plab davlatlarda bo‘lganman. Ularning aksariyatida Yoshlar vazirligi mavjud bo‘lsa-da, yoshlarning qiziqqan sohasiga bandligi ta’minlanmagan. Sizlarda ham ish bilan ta’minlanarkan, ham ularni rag‘batlantirib borilarkan. Bunaqasini hali ko‘rmagandim. Sizlarning davlat va nodavlat tashkilotlari bilan amalga oshirayotgan ishlaringiz tahsinga loyiq. Davlat rahbarining yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligini e’tirof etmaslikning imkoni yo‘q”.

Uchrashuv so‘ngggida ekspertlar “Yoshlar press klubi” hamda “Fuqarolar qabulxonasi”ga ham tashrif buyurdi. Bu jarayon xalqaro ekspertga ijobiy taassurot uyg‘otdi. — Bu joy barcha zamonaviy talablarga javob berarkan. Yoshlar hayotiga doir har qanday masalani bemalol muhokama qilish uchun qulay sharoit yaratibsizlar, — dedi ekspert Jizel Mitton.


O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xalqaro ekspertni kuzatarkan, tashrif va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.

Uchrashuv samimiy va ochiq ruhda o‘tdi.

Jizel Mitton joriy yilning oktyabr oyi oxirlarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro festivalga O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ishtirokini astoydil kutishini ma’lum qildi.