Keyingi manzilimiz Koson, Kasbi va Nishon tumanlari…

Dono xalqimizda “Hashar – elga yarashar”,  deyilgan. Shunga binoan, har birimiz dalalardagi hosilni uvol qilmasdan yig‘ish ishlarida o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz zarur. Bu borada Qashqadaryo viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir tuman (shahar) kesimida uyushmagan yoshlarni mavsumiy ish bilan ta’minlash orqali ularning moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan viloyatda 60 ta “Fidoyi yoshlar" otryadi tashkil etilgan.


— Aholi va uyushmagan yoshlardan iborat terimchilar 2017-yil paxta hosilini nes-nobut qilmasdan yig‘ib terib olish maqsadida uyushqoqlik bilan mehnat qilib, mustaqil O‘zbekistonimizning xirmonini yuksalishida o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar, — deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Sh.Sattarov. — Ishning avji pallasida paxta dalalarida xizmat qilayotgan terimchilarning holidan xabar olish va ularni munosib rag‘batlantirishni maqsad qilganmiz.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Chiroqchi va Mirishkor tumani paxta dalalarida ham bo‘lib o‘tdi. Unda terimchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

Shuningdek, “Eng ilg‘or terimchi”, “Eng yaxshi otryad rahbari”, “Eng yaxshi fermer xo‘jaligi rahbari”, “Eng faol mahalla raisi”, “Eng faol hamkor” va “Eng faol tashkilotchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha paxta dalalarida mehnat qilayotgan bir guruh faollar taqdirlandi.

Keyingi manzilimiz — Koson, Kasbi va Nishon tumanlari bo‘ladi.

Ahror Sodiqov