Muhim uchrashuvda qanday masalalar muhokama qilindi?

Uchrashuv chog‘ida Davlat maslahatchisi Q.Quranbayev yuqori martabali mehmon BMTning din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shaxidga O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muhtaram Yurtboshimizning diniy ulamolar va jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlaridagi takliflariga binoan, sog‘lom hayotga qaytgan, o‘zining qilmishlaridan chin dildan pushaymon bo‘lgan DEO a’zolari va unga moyil bo‘lgan fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni jamiyatga qo‘shilishida faol ishtirok etish vazifasi topshirilganligini ma’lum qildi. Qolaversa, globallashuv jarayonida yoshlarni turli xil ekstremistik g‘oyalardan himoya qilishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Shu bilan bir qatorda, yoshlarning har tomonlama kamol topishida davlat va jamiyatimiz oldida turgan dolzarb vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, IIV profilaktik hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar bilan ishlash, ularni ro‘yxatdan chiqarish, bandligini ta’minlash, kelajakka bo‘lgan ishonchini tiklashga ko‘maklashish borasida olib borilayotgan ishlarda yoshlar ittifoqining tutgan o‘rni xususida to‘liq ma’lumot berildi.

Ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida nufuzli mehmon A.Shaxid O‘zbekistonda yoshlar uchun din va e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimizning bu boradagi ijobiy tajribasi bilan tanishib, fikr-mulohazalar bildirildi.

Ta’kidlash joizki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ko‘magida maxsus ma’ruzachilar huquqlar buzilgani yoki boshqa suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilgani ehtimol qilinayotgan holatlarga e’tibor qaratish maqsadida davlatlar yoki boshqa shaxslarga xabar berish orqali inson huquqlari buzilishiga chora ko‘radi. Inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi, axborot-ma’rifiy faoliyatda ishtirok etadi, jamoatchilikning xabardorligini oshiradi va texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatlar beradi.

Uchrashuv davomida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, A.Shahidning O‘zbekistonga tashrifi uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ilk tashrifidir. Tashrif 12-oktabrga qadar davom etadi.