Ochiq muloqot: 200ga yaqin muammo va takliflar inobatga olinib, 21 tasi joyida hal etildi

“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligining bir yilligi munosabati bilan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev “Yoshlar ijod saroyi”da 800 nafarga yaqin yoshlar, ularning vakillari hamda OAV bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqot ko‘tarinki kayfiyatda, yoshlarning faolligi va tashabbuskorligi ruhida 3 soatga yaqin davom etdi. 
Avvalo, Yoshlar yetakchisi bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyovning yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ko‘rsatayotgan e’tibori, tashkilot faoliyatidan ulkan natijalar kutayotgani haqida alohida to‘xtaldi. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning bugungi kunda joylardagi ijrosi, amalga oshirilgan ishlar, kelgusida kutib turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtaldi. Qonunning mohiyatini yoshlarning tilida ochib berdi.


Yoshlar yetakchisi Q.Quronboyev barkamol avlodni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirar ekan, quyidagilarga alohida to‘xtaldi: “Kelgusida Respublika Milliy banki bilan hamkorlikda 15 mld. so‘m mablag‘ni yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha foizsiz taqdim qilishni rejalashtiryapmiz. Joylardagi yoshlarning faolligi va tashabbuskorligini ta’minlash maqsadida tuman Kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlarning fondini tashkil etamiz. Yoshlarning sog‘lom axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida nashrlarimizning haftada bir sonini tekin tarqatish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Chekka-chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlar bilan individual ishlash mexanizmini yanada takomillashtiramiz. Bundan buyon Haftaning har shanba kuni tuman Kengashida boshlang‘ich tashkilotlari yetakchilari qilgan ishlarini muhokamadan o‘tkazadi. Rejalari, tashabbuslari bilan o‘rtoqlashadi.
Shu bilan birga, biz kelgusida yoshlarning takliflarini inobatga olib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining futbol jamoasini ham tashkil etish niyatimiz bor”. 


Avval xabar berganimizdek, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari”yili munosabati bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi joylarda ochiq muloqotlarni samarali tashkil etish bo‘yicha qator ijobiy natijalarga erishmoqda. Yoshlarning dardi, tashvishi, muammolari o‘rganilib, ularning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkilotning ish rejasiga kiritilmoqda.
Yoshlar tomonidan ochiq muloqot davomida bir qator muammolar ko‘tarildi. Shulardan ba’zilarini havola qilamiz...


 Toshkentda istiqomat qilayotgan yoshlarning ham viloyatlarga turistik sayohatlarini uyushtirish;
 “Yoshlar uylari”ning taqsimotini yanada demokratlashtirish;
 Zangiota tumanidagi ba’zi bir maktablar yo‘llaridagi noqulayliklarning oldini olish;
 Maktab o‘quvchilariga mehnat tarbiyasini singdirish;
 Kollejlarda ish birjalarini tashkil etish;
 Maktabda a’lo baholarda tahsil olayotgan yoshlarga “Oltin medal” rag‘batlantirish mukofotini ta’sis etish;
 “Huquq bilimdonlari” tanlovining nizomini qayta ko‘rib chiqish va uning dastlabki bosqichini o‘tkazishning sifat darajasini oshirish;
 Boshlang‘ich tashkilotlarning fondini tashkil etish;
 Maktablarda boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi va o‘quvchilar tashabbusi bilan jonli burchak tashkil etish;
 Eksperement tariqasida ba’zi bir ta’lim muassasalari qoshida sho‘’ba korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
 O‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lsada, biroq, tabiiy yetakchilik qobiliyatiga ega yoshlarni boshlang‘ich tashkilotlar yetakchiligiga jalb qilish;
 Umumta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilari uchun ta’lim muassasining o‘zida biznes treninglar tashkil etish;
 Har oyning bir kunini “Adabiyot kuni” deb e’lon qilish va o‘sha kuni ommaviy shoular o‘tkazish;
 Haykaltarosh, rassom, me’mor, duradgor, kulol... va shunga o‘xshagan turli sohalardagi iqtidorli yoshlarni ham davlat mukofotlari bilan taqdirlash;
 Ma’naviyat soatlarida korrupsiya, millatchilik va shunga o‘xshash yot illatlarning zararli oqibatlari haqida dars saotlarining zamonaviy tipini yaratish;
 Arab tiliga ixtisoslashgan maktablarda ushbu fandan to‘garaklar tashkil etish;
 Yunusoboddagi 17-maktabda yoshlar uchun Qilichbozlik to‘g‘aragini tashkil etish;
 Barcha ta’lim muassasalari va Tuman Kengashlarida psixologik yordam markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
 Ta’lim muassasalaridagi aksariyat maktablarda Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va boshlang‘ich tashkilot yetakchisi bitta xonada faoliyat yuritayotgani sababli, ushbu masalaga yechim berish;
 Ota-onalar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, farzandlarining yoshlar tashkiloti faoliyatida tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar berish.

Ochig‘ini aytish kerak. Yoshlar ushbu muloqotda faollik ko‘rsatishdi. Takliflarni istagancha davom ettirish mumkin...
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlar o‘zi uchun qiziq har qanday taklifni, muammoni bemalol ayta olish imkoniyati yaratib berildi. Muloqot eski an’analardan xoli, ya’ni oldindan rejalashtirilgan ssenariy asosida emas, real vaziyatlarni ochiq muhokamaga qo‘yish orqali amalga oshirildi. Shundanmi, garchi 200 ga yaqin savol va takliflar eshitilgan bo‘lsa-da, navbat ololmagan yoshlar ham bo‘ldi.


Eng muhimi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi yoshlarning ushbu takliflarini o‘rganish, muammolariga yechim berish uchun tegishliligiga qarab yetakchilarning shaxsiy javobgarligini belgilab qo‘ydi. 21ga yaqin muammo o‘sha joyning o‘zida hal etildi.
Ochiq muloqotlar barcha hududiy Kengashlarda ham bo‘lib o‘tadi.

G.Ashurova

Foto.R.Nazarmatov