O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi rasman faoliyatini boshladi 

O‘zbekistonda yosh fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Yosh fermerlari Kengashi rasman tashkil etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 5847 nafar yosh fermerlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular 200753 gektar yer maydoniga ega. 1158 nafar yosh fermerlar ko‘p tarmoqli maqomiga egadir.
Afsuski, bu ko‘rsatkich respublikamizdagi jami fermer xo‘jaliklarining atigi uch foizdan ko‘proqni tashkil etadi.
Yangi tashkilot o‘z oldiga faoliyatida fermerlik faoliyatini keng targ‘ib qilish va rivojlantirish, yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga keng jalb etish, yosh fermerlarni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirishda ko‘maklashish, shuningdek, yosh fermerlar faoliyatida duch kelinayotgan muammolar va masalalarni birgalikda hal etish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganib, yosh fermerlar faoliyatiga joriy qilishda amaliy yordamlar ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Kengash raisi Soatmurod Qulmirzayevning ta’kidlashicha, 2018-yil hosili uchun boshoqli donni sifatli ekish va hosil olish, to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini ekish va uni parvarishlab, yuqori hosil olishda yosh fermerlar faollik ko‘rsatadi. 
Shuningdek, Kengash tomonidan “Yoshlar" teleradiokanali bilan “Muvaffaqiyat kaliti” tele loyihasi hamda “Yosh fermerlar maktabi” radio loyihalari ham tashkil etildi.
Yosh fermerlarga huquqiy, iqtisodiy va agrotexnik ko‘mak berishni tashkil etish maqsadida tumanlarda “Yosh fermerlar muloqot klubi”ni tashkil etish, shuningdek O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi bilan hamkorlikda “Fermer konsultant” konsalting markazlar tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilmoqda.