O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi “EXPO — 2017” xalqaro ko‘rgazmasida munosib ishtirok etdi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi 5-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Ostona vaqti bilan 12:45da N.Nazarboyev nomidagi xalqaro aeroportga delegatsiyamiz a’zolari kelib qo‘ndi. Kutib olish marosimidan so‘ng, mehmonlar o‘ziga xos “syurpriz”ga duch kelishdi. Ularni O‘zbekistondan keltirilgan maxsus “MAN Auto-Uzbekistan” korxonasida ishlab chiqarilgan avtobuslar kutib turardi. Vakillarimiz milliy g‘urur va iftixor bilan avtobuslarga chiqib, Ostonaga yo‘l olishdi.

150 nafar kishidan iborat mamlakatimizning nufuzli delegatsiyasi tarkibidan vazirliklar va idoralar, jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, mashhur madaniyat va san’at arboblari, xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari, jurnalistlar, bloggerlar, yosh tadbirkorlar joy olishdi.
Keling, ushbu xalqaro ko‘rgazma haqida qisqacha ma’lumot bersak...

“EXPO” — eng yangi ilmiy-texnik ixtirolarga bag‘ishlangan yirik xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, 1851-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi va har gal alohida mavzuga bag‘ishlanadi. Xalqaro anjumanning bu yilgi mavzusi “Kelajak energiyasi” deb nomlandi. 10 iyunda o‘z ishini boshlagan ko‘rgazmada dunyoning 120 dan ziyod davlatlari o‘zining texnologik, ilmiy, madaniy yutuqlarini namoyish etdi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — dunyo bo‘yicha tiklanmaydigan energiya resurslari yil sayin qisqarib borayotgan bir paytda muqobil energiya manbalari va ular asosida ishlaydigan texnika va texnologiyalarni keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat. Shu ma’noda, tadbir doirasida ekologiya va atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazmaydigan, “yashil iqtisodiyot” tamoyiliga asoslangan g‘oyalar, o‘z-o‘zini elektr quvvati bilan ta’minlovchi binolar, elektromobillar va bioyoqilg‘i bilan ishlaydigan avtomashinalar, ko‘plab ilm-fan va texnika “mo‘’jizalari” ekspozitsiyaga qo‘yilgan.

“EXPO—2017” ko‘rgazmalar majmuasining umumiy maydoni 170 gektardan ortiqni tashkil etadi. Xalqaro pavilonlar zonasi 14 ta binodan iborat bo‘lib, ularning har birida 4-5 ta davlat delegatsiyasi joylashgan. Bu yerdagi eng asosiy ob’ekt — ko‘rgazmaning arxitektura nuqtai nazaridan timsoli bo‘lgan “Olam nuri” gumbazidir. Bu noyob arxitektura inshootining umumiy balandligi 100 metrdan ortiq bo‘lib, diametri 80 metrdan iborat. U sakkiz qavatdan iborat, so‘nggi qavatda tomosha maydoni joylashgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ko‘rgazmada O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etganini ekspertlar alohida e’tirof etdi.

— O‘zbekiston pavilonining birinchi qavati 630 kvadrat metr maydonni egallagan. Bu yerda quyosh, shamol va suv, ya’ni kelajak energiyasi mahsulotlari namoyish etilmoqda. Mamlakatimiz pavilonidan o‘rin olgan quyosh energiyasi stendi 2030 yilda avtomobillarni quyosh nuri yordamida qanday quvvatlantirish mumkin ekani amalda namoyish etilmoqda va bu ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otayotir. Umumiy maydoni 550 kvadrat metrni tashkil etgan ikkinchi qavatda yurtimizning transport va logistika, turizm sohalari hamda oziq-ovqat, vino va sharbat tayyorlash sanoatida erishilgan yutuqlar, milliy taomlarimiz namoyish etilmoqda, — deydi yosh tadbirkor Abdulaziz Nazirov. — Milliy an’analarimiz, san’atimiz, boy merosimiz namunalari bizda ulkan taassurot qoldirdi.

Ochilish marosimida Qozog‘istonning iqtisodiy masalalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Ruslan Dalenov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev nutq so‘zladi. Har ikkala davlatning madhiyasi yangradi. O‘zbekiston madaniyat vazirligi dasturiga muvofiq, "Surxon" va "Eldido" guruhlari chiqish qilishdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyaning Qozog‘iston Respublikasiga ziyorati tashkil etildi. Madaniy va ko‘ngilochar dasturlar "Energii Xoll" nomli saylgohda davom etdi. Ushbu sayohat delegatsiya a’zolariga unutilmas taassurotlar qoldirdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xorijdagi safarlari davom etadi.